Rossiya TIV yadroviy qurolga ega davlatlarga chaqiriq bilan chiqdi
Olam
−
02 noyabr 2022
22361Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi Rossiya “gipotetik tarzda” yadro qurolidan faqat mudofaa maqsadlarida yoki davlatning mavjudligi tahdid ostida qolganida foydalanishi mumkinligi aytilgan bayonot e’lon qildi.
“Rossiya qat’iy va izchil ravishda yadro urushiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqidagi postulatga amal qiladi, unda g‘oliblar bo‘lishi mumkin emas va uni hech qachon qo‘zg‘atmaslik kerak. Ushbu sohadagi rus doktrinal ko‘rsatmalari juda aniq ifodalangan, ular sof mudofaa xarakteriga ega va keng talqin qilishga imkon bermaydi. Rossiya tomonidan yadro qurolini qo‘llash bilan javob qaytarishga faraziy ravishda faqat ommaviy qirg‘in qurollaridan foydalangan holda amalga oshirilgan tajovuzga yoki oddiy qurollar bilan uyushtirilgan tajovuzga javoban, davlatning mavjudligi tahdid ostida bo‘lganda ruxsat etiladi”, deyiladi bayonotda.
TIV birinchi navbatdagi vazifa yadroviy kuchlarning har qanday harbiy to‘qnashuvining oldini olish ekanligini ta’kidladi, shu munosabat bilan u yadro quroliga ega bo‘lgan boshqa davlatlarni “ushbu ustuvor vazifa ustida ishlashga tayyorligini amalda ko‘rsatishga va muvozanatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurolli to‘qnashuv yoqasida saqlab, bir-birining hayotiy manfaatlariga tajovuz qilish uchun xavfli urinishlardan voz kechishga chaqirdi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin muntazam ravishda yadro qurolidan foydalanish haqida bayonotlar bermoqda. 24 fevral kuni urush boshlanishi munosabati bilan ruslarga murojaati chog‘ida u sodir bo‘layotgan voqealarga aralashishga qaror qilganlar “o‘z tarixlarida hech qachon uchramagan” javob olishlariga va’da bergandi.
Sentyabr oyida Putin hududiy yaxlitlikka tahdid yuzaga kelgan taqdirda Rossiya “ixtiyoridagi barcha vositalardan” foydalanishini aytgan edi. Ko‘p o‘tmay, Rossiya Ukrainaning to‘rtta viloyatini anneksiya qildi.
1 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Ukrainaning barcha hududlarini qaytarib olishi Rossiyaning mavjudligiga tahdid ekanligini aytdi.
2 noyabr kuni “The New York Times” gazetasi AQSH rasmiylari orasidagi manbalarga tayanib, rossiyalik generallar oktyabr oyida Ukrainada yadro qurolidan foydalanish variantlarini muhokama qilgani haqida xabar berdi. Shu bilan birga, nashrning ta’kidlashicha, hozirda Vashingtonda Rossiya zarbaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri texnik tayyorgarlik ko‘rishni boshlagani haqida hech qanday dalil yo‘q.