Sun’iy intellekt yadro urushini qo‘zg‘ashi mumkin – NYT
Texnologiya
−
06 may 2023
16167AQSH Milliy xavfsizlik xizmati rasmiylari sun’iy intellekt urushlar, kibermojarolar va eng yomon holatda yadro urushining kelib chiqishiga sabab bo‘lishidan ogohlantirmoqda. Bu haqda “The New York Times” maqolasida hikoya qilinadi.
Qayd etilishicha, Jo Bayden o‘tgan yilning oktyabr oyida Xitoyga ilg‘or kompyuter chiplarini sotishga qati’iy cheklovlar joriy qilganida yashirin maqsad – qurol nazoratini ko‘zlagan. Bunda Xitoy armiyasi chiplarni ololmasa, sun’iy intellekt tomonidan boshqariluvchi qurollar ishlab chiqarilishi sekinlashadi. Bu esa Oq uy va butun dunyo uchun sensorlar, raketalar va kiberqurollarda sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha ba’zi qoidalarni belgilash va bunday qurollardan himoyalanishni o‘zlashtirish uchun vaqt beradi.
Sun’iy intellekt xavfidan oxirgi paytlarda Pentagon rasmiylari ham ogohlantira boshladi. Masalan, AQSH Mudofaa vazirligining bosh axborot xodimi Jon Sherman 2 may kuni AFCEA notijorat tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan TechNet Cyber tadbirida nutq so‘zladi va ba’zi taniqli shaxslarning sun’iy intellekt bo‘yicha tadqiqotlarni 6 oyga to‘xtatib turish yuzasidan chaqiriqlariga qarshi chiqib, ushbu texnologiya bo‘yicha pauza qilish chet eldagi raqobatchilar, xususan, Rossiya va Xitoy o‘zining sun’iy intellekt bo‘yicha tashabbuslarini ilgari surishda davom etishi va bu jabhada AQSHdan o‘zib ketishi mumkinligidan ogohlantirdi.
“Ba’zilar olti oylik pauza haqida bahslashdi. Shaxsan men buni yoqlamayman. Biz to‘xtasak, kimlar to‘xtamasligi mumkinligini taxmin qilib ko‘ring: xorijdagi potensial dushmanlar. Biz harakat qilishda davom etishimiz kerak”, deydi u.
Bunday bayonotlar mudofaa jamiyatida yuzaga kelgan keskinlikni ifodalaydi. Qurollarni ishlab chiqarish va nazorat qilish haqida gap ketganda yangi texnologiyalar nimalarga qodirligi hamda qurol nazoratini qanday olib borish haqida hech kim aniq bilmaydi.
Genri Kissinjer bilan birgalikda geosiyosatni rivojlantirishda sun’iy intellektning imkoniyatlari haqida turkum maqola va kitoblar yozgan Erik Shmidtning aytishicha, mudofaa sanoatida hozirgi vaqtda sun’iy intellekt xavfsizlik qoidalari qanday bo‘lishi kerakligi haqida bir qator norasmiy suhbatlar bo‘lib o‘tmoqda.
Hozirgi vaqtda ba’zi qurollar allaqachon sun’iy intellektda ishlaydi. Masalan, himoya hududiga kirgan raketa va samolyotlarni urib tushiruvchi Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uzoq vaqtdan buyon avtomatik rejimda ishlaydi.
Eronning nufuzli yadro olimi Muhsin Faxrizodaning o‘ldirilishi esa Mossad'ning sun’iy intellektga tayanuvchi avtonom pulemyoti tomonidan amalga oshirilgan.
Rossiya yaqinda ishlab chiqqanini e’lon qilgan Poseydon dengiz osti yadro torpedasi aytilgan ta’riflarga mos bo‘lsa, okean bo‘ylab bir necha kun ichida raketaga qarshi mavjud mudofaa vositalaridan avtomatik tarzda qochib o‘tishi mumkin.
Hozircha bunday qurollar bilan bog‘iq kelishuvlar yoki xalqaro shartnomalar mavjud emas. Biroq, tahlillar bunday kelishuvlarning istiqboli ham ishonchli bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda.
Harbiy sohada sun’iy intellektdan foydalanish inson imkoniyatidan ko‘ra tezkorroq qarorlarga nisbatan qarshilik ko‘rsatishni qiyinlashtiradi.
“Harbiy va milliy xavfsizlikdagi sun’iy intellekt bilan bog‘liq asosiy muammo - bu inson qarorlarini qabul qilishdan ko‘ra tezroq hujumlardan qanday himoyalanishdir va menimcha, bu muammo hal etilmagan”, deydi Erik Shimdt.
LiveBarchasi