Rossiya Suriya uchun yangi banknotlarni bosib chiqaradi – “Reuters”
Olam
−
22 avgust 5665 2 daqiqa
Suriyaning muvaqqat hukumati denominatsiyalangan milliy valyutadagi banknotlarni muomalaga chiqarishni rejalashtirmoqda. Ularni Rossiyaning “Goznak” kompaniyasi chop etadi. Bu haqda o‘z manbalari va hujjatlarga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, “Goznak” Suriya uchun ilgari ham banknotlar chop etgan. Gap 2017 yilda Bashar Asad surati tushirilgan 2000 suriya funti, shuningdek, 2019 yilda bayroq fonidagi Palmira ibodatxonalaridan birining dekoratsiyasi tasvirlangan 5000 funt namunalari haqida boradi. Bashar Asad hokimiyatining so‘nggi yillarida sanksiyalar bo‘g‘ib qo‘ygan mamlakatda inflyatsiya kuchaygan va pul qadrsizlangan.
“Suriyada yangi banknotlar chiqariladi, kuchsizlangan funtga ishonchni tiklash maqsadida undan ikkita nol olib tashlanadi”, deyiladi xabarda.
Nashrning ikki manbasining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatning muvaqqat hukumati yangi banknotlarni Rossiyaning “Goznak” kompaniyasi bilan ishlab chiqarishga kelishib olgan. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, tegishli bitim joriy yilning iyul oyi oxirida Suriya delegatsiyasining Moskvaga tashrifi chog‘ida erishilgan.
Qayd etish joiz, 2024 yilda Suriyada hokimiyat almashinuvi yuz bergandi. O‘tgan yilning noyabr oyi oxirida muxolifatning qurolli otryadlari Suriya armiyasi pozitsiyalariga hujum boshladi, mamlakatning ikkinchi muhim shahri Halabni egalladi va 8 dekabr kuni Damashqqa kirdi. Bashar Asad prezidentlik vakolatlarini topshirdi va mamlakatni tark etdi. Yangi Suriya ma’muriyati rahbari Ahmad ash-Shara joriy yilning 29 yanvarida o‘tish davri prezidenti sifatida e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Yevropa Ittifoqi sanksiyalari yumshatilganidan so‘ng Suriya yangi banknotalarni “Goznak” korxonasida bosishdan voz kechmoqchiligi xabar qilingandi. Xususan, Damashq yangilangan pullarni Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) va Germaniyada bosmoqchiligi aytilgan edi.