Suriya Rossiyada pul bosishdan voz kechmoqchi

Olam

image

AQSH va Yevropa Ittifoqi sanksiyalari yumshatilganidan so‘ng Suriya yangi banknotalarni Rossiyaning “Goznak” korxonasida bosishdan voz kechadi. Bu haqda uchta manbaga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Damashq yangilangan pullarni Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) va Germaniyada bosmoqchi. Natijada 2024 yil dekabrida hokimiyatdan ag‘darilgan sobiq prezident Bashar Asad tasviri mashhur 2000 funtlik kupyuradan olib tashlanadi.

Suriya Arab va G‘arb davlatlari bilan munosabatlarini yaxshilayotgani natijasida Damashq uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Ikki suriyalik manbaga ko‘ra, Suriya Markaziy banki rahbari va moliya vaziri may oyi boshida BAAda joylashgan Oumolat kompaniyasiga tashrif buyurgan va ular bilan dastlabki muzokaralarni boshlangan. Germaniyada davlatga qarashli Bundesdruckerei hamda xususiy Giesecke+Devrient kompaniyalari ham Suriya bozoriga qiziqish bildirgan.

Ma’lumot uchun, so‘nggi 10 yil ichida Rossiya Suriyaga pul bosib bergan. Bunga Yevropa kompaniyalari bilan tuzilgan shartnomalar AQSH va Yevropa Ittifoqi sanksiyalari tufayli bekor qilingani sabab bo‘lgan. 2025 yil bahorida ham Suriya Markaziy banki Rossiyadan yangi kupyuralar qabul qilgan.

Ammo hozir mamlakatda naqd pul tanqisligi kuchaygan. Suriyalik rasmiylar bunga fuqarolarning funtni jamg‘arishini sabab deb ko‘rsa, bank sohasidagi mutaxassislar esa hukumatning valyuta kursini nazorat qilish maqsadida ataylab naqd pullarni cheklayotganini aytadi. Banklar mijozlarga o‘z omonatlarini olishga ruxsat bermayotgan bir paytda, tadbirkorlar ish haqi va yetkazib beruvchilar to‘lovlarini amalga oshira olmayapti. “Financial Times” bilan suhbatda suriyalik tadbirkor naqd pul tanqisligi “tanazzul darajasiga yetganini” bildirgan.

“Odamlar endi pullarini bankka qo‘ymayapti, chunki ular uni qaytarib ololmaslikdan qo‘rqmoqda”, degan u.

Bu holat Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilishidan oldin ham kuzatilgan: aholi bank tizimidan qochishga urinardi, chunki boy omonatchilarga selektiv soliqlar qo‘llanishi mumkin bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, kecha, 16 may holatiga ko‘ra qora bozor kursi bo‘yicha 1 AQSH dollariga 10 000 Suriya funti to‘g‘ri kelmoqda. 2024 yil dekabrida Asad hokimiyatdan ketganida bu kurs 15 000 atrofida bo‘lgan. Taqqoslash uchun, fuqarolar urushi boshlanishidan avval, 2011 yilda bir dollar atigi 50 funtga teng bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Suriyaning Damashq aeroportiga Rossiyadan yuzlab milliard Suriya funti yetib kelgandi. Ushbu mablag‘lar ag‘darilgan prezident Bashar Asad davrida Rossiyada bosilgan bo‘lib, ularning umumiy qiymati o‘nlab million AQSH dollariga teng.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Damashq pul bosish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing