Rossiya sudlari “Navalniy” familiyasini ekstremistik ramz deb hisoblamoqda
Olam
−
02 mart
6027Rossiya Federatsiyasining kamida to‘rtta viloyatidagi sudlar "Navalniy" familiyasini ekstremistik tashkilot ramziga tenglashtirgan. Bu haqda kecha, 1 mart kuni inson huquqlari bo‘yicha “Perviy otdel” loyihasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyning familiyasi Chelyabinsk, Krasnodar va Murmansk viloyatlarida ekstremistik deb qabul qilinib, namoyishchilar plakatlarda "Navalniy" deb yozgani uchun ma’muriy jinoyatda ayblanib, hibsga olingan.
Siyosatchi xotirasiga bag‘ishlangan mitingga kelgan qizlardan biri “Aleksey Navalniy o‘ldirildi, uning qoni sening qo‘lingda, Vova”, deb yozilgan plakat ko‘tarib turardi.
"Yozuv matnida “Navalniy shtab-kvartirasi” jamoat harakati, “Korrupsiyaga qarshi kurash fondi” notijorat tashkilotlari, "Aleksey Navalniy" ismi va familiyasini atribut va ramziylik sifatida bir necha bor ishlatgan “Fuqarolar huquqlarini himoya qilish jamg‘armasi” asoschisi va rahbarining ismi va familiyasi ko‘rsatilgan”, deyiladi ushbu "qonun buzilishi" bo‘yicha sud qarorida.
Huquq himoyachilarining so‘zlariga ko‘ra, "qonun buzilishi" holatlarini tavsiflashda Danil Mixeyevning "ekspertizasi" ishlatilgan. U ilgari Pussy Riot guruhi a’zosi Mariya Alexina, Moskva munitsipalitetining sobiq deputati Lyusi Shteyn va publitsist Vladimir Kara-Murzaning ishlari bo‘yicha "mutaxassis" sifatida ishlagan. 2022 yil avgust oyida Adliya vazirligi advokatlarning so‘roviga javoban, Mixeyevning filologik ma’lumotga va lingvistik sud ekspertizasi sohasida yetarli vakolatga ega emasligini tan olgan. Huquq himoyachisi Pavel Chikov 2022 yilda Mixeyev siyosiy motivli ishlar bo‘yicha yetakchi lingvistik ekspertlardan biriga aylanganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Bellingcat” internet portali rahbari, bolgariyalik tadqiqotchi jurnalist Xristo Grozev Aleksey Navalniyning koloniyada o‘lgani bo‘yicha surishtiruv bir oy ichida yakunlanishini aytgandi.
Rayhona Ulkanbayeva
LiveBarchasi