Rossiya ramzi tushirilgan kiyimdagi O‘zbekiston fuqarosi Ukrainaga kiritilmadi 

Olam

image

Ukraina Davlat chegara xizmati Rossiya Federatsiyasi ramzlari tushirilgan kiyimda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosini mamlakat hududiga kiritmadi. Bunga rasmiy sabab sifatida u safar maqsadini tasdiqlay olmagani ko‘rsatilgan. Bu haqda Davlat chegara xizmatiga tayanib xabar berilgan.  

“Borispol” nazorat-o‘tkazish punktida Rossiya ramzlari tushirilgan kiyimda kelgan O‘zbekiston fuqarosi Ukrainaga kiritilmadi”, deyiladi xabarda. 

Ta’kidlanishicha, erkakning kiyimida Rossiya bayrog‘i va gerbi tasvirlari hamda “Russian national team” yozuvi bo‘lgan. 

Davlat chegara xizmatining qayd etishicha, “chuqur tekshirish” chog‘ida O‘zbekiston fuqarosi “barcha ukrainaliklardan kechirim so‘ragan”. 

“Ammo bu xorijlik fuqaroga Ukraina chegarasini kesib o‘tishga yordam bermadi, chunki chegara nazorati vaqtida u safar maqsadini tasdiqlay olmagani ma’lum bo‘ldi”, deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, erkak o‘z tashrifidan maqsad traktor sotib olish ekanini aytgan, biroq buni hech qanday tarzda tasdiqlay olmagan. 

“So‘rov davomida u o‘z fermasi haqida, shuningdek kimdan qanday traktor olmoqchi ekani haqida hech narsa tushuntirib bera olmadi. Shu bilan birga, sayohatchining yonida nafaqat qishloq xo‘jaligi texnikasini sotib olish, balki mehmonxona bron qilish uchun ham pul bo‘lmagan. “Fermer” qaytish reysi bilan Toshkentga uchib ketdi”, deya qo‘shimcha qilingan xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina

Baholaganlar

417

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing