Rossiya raketasi Konstantinovkadagi katta supermarketga kelib tushdi
Olam
−
09 avgust
10869Rossiya armiyasi bugun, 9 avgust kuni Ukrainaning Donetsk viloyati Konstantinovka shahriga raketa zarbasi yo‘lladi. Bu haqda UNN xabar berdi.
Unga ko‘ra, Rossiyaning pochta bo‘limi va supermarketga hujumidan keyin odamlar vayronalar ostida qolmoqda, qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda. Donetsk viloyati harbiy boshqarmasi rahbari Vadim Filashkin rossiyalik harbiylar shaharga X-38 raketasi bilan aviazarba yo‘llagani va supermarketni nishonga olganini ta’kidlagan. Avvaliga Filashkin shahar stvolli artilleriyadan o‘qqa tutilganini aytgandi. Ukraina nashrlariga ko‘ra, zarba “Ekomarket” do‘koniga kelib tushgan.
Filashkinga ko‘ra, hujumlar oqibatida 9 kishi halok bo‘lgan, 26 kishi yarador bo‘lgan. “Ekomarket” supermarketidan tashqari, 4 ta xususiy uy, 9 ta do‘kon, avtoyuvish shoxobchasi, “Nova pochta” bo‘limi, savdo pavilonlari va 12 ta avtomashina zarar ko‘rgan. Voqea joyida politsiya, qutqaruvchilar va tibbiyot xodimlari ish olib borishda davom etmoqda.
Biroq yuqoridagi sonlar Ichki ishlar vazirligi bergan raqamlardan farq qiladi: ular 10 kishi halok bo‘lgani va 35 kishi yaralanganini ma’lum qilgan.
2023 yilning sentyabr oyida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning Donetsk viloyatidagi Konstantinovka markaziga zarba bergani tasvirlangan videoni e’lon qilgandi. Unda 16 kishi o‘ldirilgandi. Aholi savdo qiladigan joylar, do‘konlar, dorixonalar vayron bo‘lgandi.
LiveBarchasi