Rossiya prezidentligiga sobiq nomzod “xorijiy agent” deb topildi
Olam
−
17:41 1428 2 daqiqa
Rossiya Adliya vazirligi 2024 yilgi prezidentlik saylovlariga o‘z nomzodini ilgari surgan siyosatchi Boris Nadejdinni “xorijiy agent” deb tan oldi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
Qayd etilishicha, shuningdek, reyestr jurnalist Yekaterina Voropay, tadbirkor va Arktika turizmi bo‘yicha ekspert Timofey Rogojin hamda “Shtab kandidatov” (“Nomzodlar shtabi”) tashkiloti bilan to‘ldirilgan.
Adliya vazirligi Nadejdinning “xorijiy agent” deb tan olinishiga asos bo‘lgan omillar qatorida ruxsat etilmagan miting va piketlarda ishtirok etishga chaqiriqlarni ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, unga “xorijiy agentlar” kontentini yaratish va tarqatish, “nomaqbul tashkilot” kontentini yaratish, Rossiya rasmiylarining qarorlari va siyosati, shuningdek, Rossiya saylov tizimi haqida feyk ma’lumotlarni tarqatish ayblovlari qo‘yilgan.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Voropay Rossiya hukumati haqida feyklar tarqatgan, “maxsus harbiy operatsiya”ga qarshi chiqqan, “xorijiy agentlar” kontentini yaratish va tarqatishda hamda “nomaqbul tashkilotlar” kontentini tarqatishda ishtirok etgan, shuningdek, “xorijiy agentlar” bilan hamkorlik qilib kelgan.
Press-relizdan ayon bo‘lishicha, Rogojin “xorijiy agentlar” va “nomaqbul tashkilotlar” kontentini, Rossiya hukumati haqidagi feyklarni tarqatgan hamda “maxsus harbiy operatsiya”ga qarshi chiqqan.
“Shtab kandidatov” birlashmasi Rossiya Federatsiyasi ommaviy hokimiyat organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar va ular yuritayotgan siyosat, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining saylov tizimi haqida noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatgan. Xalqaro agent bilan faol hamkorlik qiladi, birlashma asoschisi esa Rossiya Federatsiyasi hududidan tashqarida istiqomat qiladi”, deya bayonot bergan Rossiya Adliya vazirligi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda Boris Nadejdin “Fuqarolar tashabbusi” partiyasidan prezidentlik saylovlariga o‘z nomzodini ko‘rsatgan edi. Markaziy saylov komissiyasi uni qo‘llab-quvvatlash uchun to‘plangan imzolarning 15 foizdan ortig‘ini haqiqiy emas deb topgan va uni ro‘yxatga olishni rad etgan edi. Ushbu rad etish qarori sudlar tomonidan ham o‘z kuchida qoldirilgan.
Live
Barchasi