Rossiya Pompeoning O‘zbekiston safariga keskin munosabat bildirdi
Olam
−
07 fevral 2020
27727AQSH dunyoning har qaysi mintaqasida istaganimni qilaman deb ishonadi, shuning uchun sheriklarini Rossiya va Xitoyga qarshi qayrayapti, deb fikr bildirdi RF Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Meksikadagi konferensiyada.
“Amerikalik hamkasblarimiz, afsuski, ularga hammasi mumkin deb o‘ylayapti, shu bilan birga o‘zining barcha sheriklarini Rossiya va, balki Xitoyga qarshi gij-gijlayapti. Ammo Rossiyaga qarshi aniq. Bu hurmat qozonish mumkin bo‘lgan uslub emas. Obro‘ namuna, ishonch kuchi bilan qozoniladi, qo‘pol shantaj, buyruq va sanksiya bilan emas”, deydi Lavrov.
Lavrov Oq uy huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Liza Kertisning AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeoning Qozog‘iston va O‘zbekistonga safardan maqsadi haqida aytgan gaplarini eslatib o‘tdi. Kertis rasmiy Vashington Markaziy Osiyoda ta’sir doirasi bo‘yicha Rossiya bilan bellashmoqchi emasligini, biroq mintaqaga muqobil variant borligini eslatmoqchi ekanini aytgandi.
“Agar siz AQSH o‘rniga Rossiyani, Markaziy Osiyo o‘rniga Lotin Amerikasini qo‘ysangiz, men bu so‘zlarning har biriga imzo qo‘yaman”, degan Sergey Lavrov.
RF TIV rahbari shuningdek, Donald Trampning sobiq milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Boltonning G‘arbiy yarimsharda hech kim, xususan, Rossiya va Xitoy mamlakatlar ishiga aralashmasligi kerak degan gaplarini eslatib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4-5 fevral kunlari AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeo Toshkentda bo‘ldi. U safari davomida "C5+1" sammitida ishtirok etdi. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan ham uchrashdi.
LiveBarchasi