Rossiya nima uchun BMT sud majlisida ishtirok etmadi?
Olam
−
09 mart 2022
14601Rossiya kecha, 8 mart kuni bo‘lib o‘tgan BMTning Gaagadagi Xalqaro sudi majlisida Ukraina da’vosining bama’niligi va Moskvada javob pozitsiyasini shakllantirishga vaqt yo‘qligi sabab ishtirok etmadi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi.
“8 mart kuni Gaagadagi Xalqaro sudda Ukrainaning bizning mamlakatimizga qarshi, bu safar “Genotsid jinoyatlarining oldini olish va jazolash to‘g‘risida”gi 1948 yildagi konvensiyaga muvofiq, yana bir g‘ayritabiiy da’vo doirasida vaqtinchalik choralar ko‘rish haqidagi iltimosi bo‘yicha tinglovlar bo‘lib o‘tdi. Shu ekzotik yo‘l bilan Kiyev Rossiyaning Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyasi bilan bog‘liq o‘z da’volarini sud yurisdiksiyasi ostiga qo‘yishga harakat qilmoqda. Rossiya javob pozitsiyasini shakllantirish, shuningdek, xavfsizlik nuqtai nazaridan ushbu sud majlisida ishtirok etishdan bosh tortishga qaror qildi”, deydi vazirlik vakili.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiyaning Niderlandiyadagi elchixonasi sudga Rossiyaning Kiyev iddaolarining to‘liq huquqiy barbod bo‘lgani va bu ishni sud ro‘yxatidan olib tashlash zarurati bo‘yicha pozitsiyasi bayon etilgan xat yuborgan.
“O‘tgan tinglovlar Kiyevning bema’ni yolg‘onlardan voz kechish niyatida emasligini ko‘rsatdi. Yana bir bor ochiq-oydin soxta ma’lumotlar, Ukrainaga tanish bo‘lib qolgan manipulyatsiyalar, hamma narsada Rossiyani ayblash, yana bir bor oqni qora, qorani oq deb hisoblash uchun ishga solindi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, Niderlandiyaning Gaaga shahrida joylashgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro Sudi Ukrainaning Rossiyaga qarshi da’vosini ko‘rib chiqishni boshlagan. Da’vo mavzusi – Rossiya tomoni Ukrainaga qarshi bir necha bor qo‘zg‘atgan genotsid ayblovlari. Xalqaro sudda ishtirok etgan Ukraina vakili Anton Korinevichga ko‘ra, Genotsidni uyushtirayotgan Ukraina emas, balki Rossiya. Uning rahbariyati va harbiy xizmatchilari Ukraina hududida insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etmoqda.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi