Rossiya Kurskda yangi keng ko‘lamli hujum boshladi
Olam
−
11 Oktabr
8737Rossiya qo‘shinlari Kursk viloyatida keng ko‘lamli hujum boshladi. Sudjaning shimoli-g‘arbiy qismida Ukrainaga qarashli bo‘linmalar qurshovda qolishi mumkin. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Rossiya qo‘shinlari Kursk viloyatining bir nechta hududlarida yangi hujumga o‘tgan. Xususan, internetda tarqalgan videolarda Zelyoniy Shlyax (Sudja tumani) hududida va Olevkadan (Korenevskiy tumani) to‘rt kilometr janubroqda janglar davom etayotgani aks etadi. Bu shuni anglatadiki, Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga qarashli mudofaa chizig‘ini yorib o‘tib, taxminan besh kilometr oldinga siljigan.
Rossiya Qurolli kuchlarining “Sever” norasmiy Telegram-kanali xabariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Ukraina mudofaasini yorib, beshta aholi punktini egallagan va ikki batalon dushman kuchlarini qurshovga olgan hamda ikki muhim ta’minot va evakuatsiya yo‘llarini kesib tashlagan.
Rossiya Mudofaa vazirligiga yaqin bo‘lgan “Ribar” Telegram-kanali 10 oktyabr kuni kechqurun Rossiya qo‘shinlari Korenevskiy va Sudja tumanlarida bir nechta yo‘nalishlarda hujumga o‘tganini xabar qildi.
“Rossiya qo‘shinlari guruhlari kun oxirida Zelyoniy Shlyaxga yetib keldi. Bu Ukraina Qurolli kuchlari mudofaasining kamida qisman parchalanganini tasdiqlash imkonini beradi”, deyiladi xabarda.
“Ribar”ning ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Novaya Sorochinani nazorat ostiga olgan va Malaya Loknaga tomon harakatlanmoqda. Bloger Boris Rojin esa Olevkaning nazoratga olingani haqida yozgan.
Hujum Ukraina Mudofaa vazirligiga yaqin OSINT (ochiq manbalar asosida ishlovchi razvedka) loyihasi “Deep State” tomonidan ham tasdiqlangan. Unga ko‘ra, Rossiya qo‘shini Kursk guruhining chap qanotini yorib o‘tib, Telegram-kanallari aytganidan ham uzoqroqqa, Novo-Ivanovskogacha (Sudja tumani) yetib borgan. Bu yerda hujumni qaytarish uchun nafaqat ukrain bo‘linmalari, balki odatda front chizig‘i orqasida bo‘ladigan artilleriyachilar va dron operatorlari jangga kirgan.
“Deep State” xaritasida bu hududda Ukraina Qurolli kuchlarining bir zumda 38 kvadrat kilometr maydonni boy bergani, ularning “kulrang zona”ga aylangani ko‘rsatilgan. “Agenstvo” bu Kursk viloyatidagi Ukraina hududining 14 sentyabrdan beri eng katta kundalik yo‘qotilishi ekanligini ta’kidlaydi. “Sever” Telegram-kanali esa Rossiya qo‘shinlarining umumiy oldinga siljishi 10 kilometrga yetganini da’vo qilmoqda.
“DeepState” ayrim Ukraina qo‘shinlari qurshovda qolishi mumkinligidan ogohlantirib, “xatolar takrorlanishi” ehtimoli haqida ma’lum qilgan. Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy hozircha Kursk viloyatidagi Rossiya qo‘shinlarining hujumini izohlamagan, biroq 10 oktyabr kuni telemarafon doirasida namoyish etilgan hujjatli filmda u Rossiyaning Kursk yo‘nalishiga taxminan 50 ming harbiyni, jumladan, Zaporoje, Xerson va Kramatorsk yo‘nalishlaridan kuchlarni tashlaganini aytib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatidagi egallangan hududni kamida yana bir necha oy davomida ushlab turishi va bu Moskva bilan bo‘ladigan muzokaralarda muhim omil bo‘lishi mumkinligi xabar qilingan edi.
LiveBarchasi