Rossiya keng ko‘lamli hujumga tayyorlanmoqda – OAV
Olam
−
29 mart
9240Rossiya qo‘shinlari yaqin haftalarda yangi hujum boshlashga tayyorlanmoqda. Bu haqda Ukraina rasmiylari bilan suhbatlashgan “Associated Press” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Kreml Ukrainaga maksimal bosim o‘tkazish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda o‘z pozitsiyasini kuchaytirishga intilmoqda.
Shu bilan birga, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy razvedka ma’lumotlariga tayanib, Rossiya Sumi, Xarkov va Zaporoje viloyatlarining shimoli-sharqida yangi hujumlarga tayyorlanayotganini aytgan.
“Ular muzokaralarni cho‘zmoqda va faqat vaqtdan yutish, keyin esa ko‘proq yerni egallab olishga urinish uchun AQSHni soxta “shartlar” bo‘yicha cheksiz va ma’nosiz munozaralarga tortishga harakat qilmoqda”, degan nashr bilan suhbatlashgan Ukraina vakillari.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “hudud bo‘yicha muzokaralarni kuchliroq pozitsiyadan olib borishni xohlaydi”.
Qayd etilishicha, Moskva AQSHning 30 kunga zudlik bilan va to‘liq harbiy harakatlarni to‘xtatish taklifini amalda rad etgan, Kreml muzokarachilari uzoq muddatli shartlarni ilgari surganidan keyin Qora dengizda o‘t ochishni qisman to‘xtatish maqsadga muvofiqligi shubha ostiga olingan.
Ukrainaliklarning ta’kidlashicha, yaqinda Rossiya taktik pozitsiyalarini yaxshilash uchun hujumlarni kuchaytirgan.
“Ularga may oyigacha vaqt kerak, xolos”, degan nashr manbalari.
Manbaga ko‘ra, shimolda Rossiya va Shimoliy Koreya askarlari Kursk viloyatining katta qismini Rossiyaga qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi. Sharqiy frontda Donetsk va Zaporojeda ham janglar avj olgan. Ba’zi qo‘mondonlar Rossiya janglarda toblangan kuchlarni Kurskdan Ukraina sharqiga qaytarishi mumkinligidan xavotirda.
“Bu og‘ir bo‘ladi. Kursk kuchlari o‘z g‘alabalaridan xursand bo‘ladi”, dedi Donetsk viloyatidagi Ukraina bataloni qo‘mondoni.
Shu bilan birga, harbiy tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya frontda olti oydan to‘qqiz oygacha – “deyarli butun 2025 yil” davom etishi kerak bo‘lgan hujum harakatlarini tayyorlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi vakili Vadim Skibitskiy “Yevropa xavfsizligining yangi konturlari” mavzusidagi davra suhbatida Rossiya AQSH va Xitoy darajasiga yetib olish uchun Ukrainadagi urushni 2026 yilgacha hal qilishni mo‘ljallagani haqida gapirgandi.
LiveBarchasi