Rossiya qurilishlaridagi migrantlarning ulushi ma’lum qilindi
Olam
−
26 iyun 12568 2 daqiqa
Rossiyadagi qurilish korxonalarida har oltinchi ishchi xorijlik sanaladi. Bu haqda bugun, 26 iyun kuni Sochida o‘tayotgan “Harakat” ko‘chmas mulk forumi doirasida “Milliy quruvchilar birlashmasi” prezidenti Anton Glushkov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Rossiyada hozirda 6,7 million nafar chet el fuqarosi ishlamoqda. Ularning asosiy qismi O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan kelgan. Qurilish tashkilotlarida ayni paytda har oltinchi xodim xorijlik sanaladi.
Glushkovning qayd etishicha, o‘tgan yil qo‘shni davlatlardan kelgan muhojirlar sonining o‘sishi bo‘yicha rekord yili bo‘lgan – Rossiyadan 3,5 million kishi chiqib ketgan bo‘lsa, 4 milliondan ortiq kishi kirib kelgan. Farq yarim million bo‘lib, bu so‘nggi 10 yildagi eng katta o‘sish hisoblanadi.
U shuningdek, Rossiyada so‘nggi ikki yilda kuzatilayotgan rekord darajadagi past ishsizlik fonida migrantlar soni kamaymayotganini ham ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, “Harakat” ko‘chmas mulk forumi 2025 yilning 24–27 iyun kunlari Sochida bo‘lib o‘tmoqda. Bu tadbir 2020 yildan buyon har yili quruvchilar va ishlab chiqaruvchilarni birlashtirib kelmoqda va sohaga oid tajriba, aloqa va biznes rivoji uchun platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaga 2024 yilda taxminan 6,3 million migrant borgani va ularning qariyb 1,5 millionini O‘zbekiston fuqarolari tashkil etishi haqida xabar berilgandi. Xorijiy fuqarolarning asosiy qismini O‘zbekiston fuqarolari tashkil etadi (23,3 foiz), ulardan keyingi o‘rinlarda Tojikiston (16,7 foiz), Qirg‘iziston (10,4 foiz) va Belarus (9,5 foiz) fuqarolari turadi.
Live
Barchasi