Rossiya Qozog‘istondagi AES qurilishida qatnashmoqchi
Olam
−
07 noyabr
2088Rossiya Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi bo‘yicha takliflar kiritdi. Shu bilan birga, mamlakat atom energiyasi davlat korporatsiyasi – “Rosatom” o‘z salohiyatini taqdim etishga tayyor. Bu haqda bugun, 7 noyabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Qozog‘istonga qilgan ishchi tashrifi yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Rossiya nafaqat AES qurilishiga yordam berishga tayyor, balki o‘z takliflarini ham kiritdi. Biz Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev o‘tkazgan referendumni kuzatdik. U atom energetikasini rivojlantirish rejalari bo‘yicha qo‘llab-quvvatlashga ega bo‘ldi. “Rosatom” ushbu masalani qozog‘istonlik do‘stlarimiz bilan hal qilish uchun o‘z salohiyatini to‘liq taqdim etishga tayyor”, dedi vazir.
Lavrov, shuningdek, Rossiya boshqa davlatlarning tegishli agentlik va tuzilmalari bilan hamkorlik qilishga ham tayyorligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz , Qozog‘istonda 6 oktyabr kuni AES qurilishi bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi va unda qatnashganlarning 70 foizdan ortig‘i bu g‘oyani qo‘llab-quvvatladi. Taxminan ikki million kishi, ya’ni ovoz berganlarning 28,88 foizi bunga qarshi chiqdi. Stansiya Olmaota viloyatining Jambil tumani hududidagi Ulken qishlog‘ida qurilishi mumkin. Biroq, hozircha texnologiyalar yetkazib beruvchi tanlanmagan. Qozog‘iston hukumati tomonidan to‘rtta da’vogar kompaniyani o‘z ichiga olgan “short-list” tuzilgan. Ular Xitoyning CNNC, Koreyaning KHNP, Rossiyaning “Rosatom” va Fransiyaning EDF kompaniyalari.
Shuningdek, AQSH Savdo palatasi katta vitse-prezidenti Xush Choksi joriy yil oktyabr oyida Olmaotaga ishchi tashrifi chog‘ida Qo‘shma Shtatlar Qozog‘istonda AES qurilishi bo‘yicha halol tender o‘tkazilishiga umid qilayotganini va unda ishtirok etishga tayyorligini bildirgan.
Bundan tashqari, o‘tgan, 2023 yil bahorda Qozog‘iston NuScale va GE Hitachi kabi ikkita Amerika kompaniyasi bilan respublikadagi birinchi AESni qurish bo‘yicha muzokaralar olib borgan. Qozog‘iston Respublikasi Energetika vazirligi Atom energetikasi va sanoati departamenti direktori Sergazin Gumarga ko‘ra, muzokaralarda kichik modulli reaktorlarga asoslangan stansiya qurish masalasi muhokama qilingan.
LiveBarchasi