Rossiya Qora dengizdagi fuqarolik kemalariga hujum qilishi mumkin – Oq uy

Olam

image

Rossiya Qora dengizdagi fuqarolik kemalariga hujum qilib, bunda Ukrainani aybdor sifatida ko‘rsatishi mumkin. Bu haqda Oq uy kecha 19 iyul kuni ogohlantirdi.

Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Adam Xodjning aytishicha, AQSH rasmiylarida Rossiya Ukraina portlari yaqiniga qo‘shimcha dengiz minalari joylashtirgani haqidagi maxfiy ma’lumotlar bor.

“Biz Qora dengizdagi fuqarolik kemalariga qarshi har qanday hujumni oqlash va buning uchun Ukrainani ayblashni rejalashtirilgan harakat deb hisoblaymiz”, deydi u.

Xodjning aytishicha, Rossiya Qora dengiz suvlarida Ukraina portlari tomon ketayotgan har qanday kemani potensial harbiy yuk tashuvchisi sifatida ko‘rishini e’lon qilgan va Ukraina portlari yaqinidagi suvlarga joylashtirilgan minalar sonini oshirgan.

“Qora dengizdagi bu muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlardan tashqari, biz allaqachon kuzatdikki, Rossiya 18 va 19 iyul kunlari Ukrainadagi don eksporti portlarini raketa va dronlar bilan nishonga oldi. Natijada qishloq xo‘jaligi infratuzilmasi vayron qilindi va 60 ming tonna g‘alla nobud bo‘ldi”, deya qo‘shimcha qildi u.

Ma’lumot uchun, Rossiya 17 iyul kuni muddati tugagan Qora dengiz Don yo‘lagi kelishuvidan chiqqanini e’lon qildi. Mamlakat kelishuvga qaytishga qarshi emasligini, faqat buning uchun uning talablari bajarilishi kerakligini bildirdi. 17 iyul kuni esa Qrim ko‘prigining bir qismi portlatildi. Bunga javoban Rossiya bir necha kun davomida Odessa va Nikolayev viloyatlariga ketma-ket raketa va dron hujumlarini uyushtirdi. Oqibatda Odessa portlaridagi 60 ming tonna g‘alla yo‘q qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Qora dengiz fuqarolik kemalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing