Rossiya Isroilni Livandagi harbiy harakatlarini zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi
Olam
−
01 Oktabr
8744Rossiya Isroilni mavjud vaziyatni siyosiy va diplomatik usullar bilan hal qilish uchun Livandagi harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirmoqda. Bu haqda Rossiyaning Isroildagi elchisi Anatoliy Viktorov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Isroilning Livanga bostirib kirishi Yaqin Sharq mintaqasida zo‘ravonliklarning yanada kuchayishiga olib keladi.
“Hozirgi vaziyatda biz Isroilni jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatib, vaziyatni tinch, siyosiy yo‘l bilan tartibga solishga undaymiz, aks holda oqibatlar mintaqadagi barcha davlatlar uchun mutlaqo og‘ir bo‘ladi”, dedi u “Rossiya-24” telekanalida.
Elchining ta’kidlashicha, Rossiya 27 sentyabr kuni Livandagi “Hizbulloh” bosh kotibi Hasan Nasrullohning o‘ldirilishini qoralaydi.
“Nasrullohning yo‘q qilinishi Isroilda mojaroga barham berish va vaziyatni siyosiy va diplomatik yo‘lga qaytarish istagi yo‘qligini ko‘rsatadi”, deydi diplomat.
Isroil va “Hizbulloh” o‘rtasidagi mojaroning yangi bosqichi Livanda 17-18 sentyabr kunlari aloqa qurilmalari portlashidan keyin boshlandi. Harakat portlashlarni uyushtirish uchun mas’uliyatni Isroil zimmasiga yukladi, uning rasmiylari voqea haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri izoh bermadi, biroq shimoliy yo‘nalishda harbiy amaliyotlar faollashganini e’lon qildi. 23 sentyabr kuni Isroil Livandagi “Hizbulloh” kuchlariga qarshi “Shimolning o‘qlari” harbiy operatsiyasini boshlab yubordi va uning davomida harakatning harbiy ob’ektlariga katta zarbalar berdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Hizbulloh” ham javob tariqasida Isroil tomonga zarba bergan edi. Livan qarshilik kuchlari Tel-Avivdagi Isroil harbiy razvedka shtab-kvartirasi – 8200-bo‘lim joylashgan Glilot bazasiga Fadi-4 raketalari hujumini amalga oshirgan. Guruh, shuningdek, Tel-Aviv chekkasidagi “Mossad” shtab-kvartirasiga ham hujum uyushtirgani haqida ma’lum qilgan.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi