Rossiya ikki AQSH fuqarosini chechen dala qo‘mondonini o‘ldirgan FXX xodimiga almashtirmoqchi

Olam

image

Rossiya hukumati AQSHga Chechenistonning sobiq dala qo‘mondoni Zelimxon Xangoshvilini o‘ldirganlikda ayblanib Germaniyada sudlangan Federal xavfsizlik xizmati (FXX) xodimi Vadim Krasikovni mahkumlar almashinuviga qo‘shishni taklif qildi. Bu haqda manbalarga tayanib CNN xabar bermoqda.

CNN suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, so‘rov Amerika tomoniga "muammoli" bo‘lib ko‘ringan –jumladan, FXX ishlatadigan norasmiy kanal orqali kelgani uchun. Boshqa bir sabab, Krasikov Germaniya hibsxonasida saqlanmoqda.

Shunga qaramay, Germaniya hukumatidagi manbaga ko‘ra, amerikaliklar nemis hukumatiga Krasikovni ayirboshlashga qo‘shish imkoniyatini so‘rab murojaat qilishgan. Muhokamalar “yuqori darajaga” chiqmagan va Krasikovni ekstraditsiya qilish masalasi jiddiy ko‘rib chiqilmagan.

Rossiyada giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanayotgan amerikalik basketbolchi Britni Grayner ustidan sud jarayoni davom etayotgan bir vaqtda Rossiya va AQSH mahbuslarni almashtirish masalasini muhokama qilmoqda. AQSH mamlakatda qurol savdosida ayblanib, qamalgan Viktor Butni Rossiyadagi ikki fuqarosi: Pol Uilan va narkotik kontrabandasida ayblanayotgan Britni Graynerga almashtirishni taklif qildi.

2012 yilda AQSH sudi Viktor Butni AQSH manfaatlariga tahdid solishi mumkin bo‘lgan kolumbiyalik jangarilarga qurol sotishga uringanlikda ayblab, 25 yil qamoq jazosiga hukm qilgan edi. But barcha ayblovlarni rad etgan va xalqaro havo tashish sohasida mutlaqo qonuniy biznes bilan shug‘ullanganini da’vo qilgan.

Yekaterinburgning UGMK klubida o‘ynayotgan Greyner ishi hozir Ximki sudi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. U Rossiyaga yetib kelganida yukidan “gashish” yog‘i topilgani uchun qo‘lga olingan. Sudda u AQSHda ta’tilda bo‘lganida shifokorning retsepti bo‘yicha tibbiy marixuana olganini va shoshib yig‘ayotganda uni tasodifan bagajiga solib qo‘yganini aytgan.

Sobiq dengiz piyodasi Pol Uilan 2020 yil iyun oyida Moskva shahar sudi tomonidan josuslikda ayblanib 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. U o‘z aybiga iqror bo‘lmagan va qo‘lga olingan flesh-diskda uning Rossiya bo‘ylab avvalgi sayohatlari tasvirlari bo‘lishi kerakligini aytgan. Hozir u qamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh-Rossiya

Baholaganlar

333

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing