Rossiya elchisining o‘ldirilishida ayblangan ayol qamaldi
Olam
−
15 avgust 2023
9866Rossiyaning Anqaradagi elchisi Andrey Karlovning o‘ldirilishi bo‘yicha ayblanuvchilardan biri Oysha Sogyut Turkiyada qo‘lga olindi. U Karlovning qotili Fathulloh Gulen boshchiligidagi (FETO) terrorchilik tashkiloti a’zosi Mavlud Mert Oltintoshning “kuratori” Shahin Sogutning rafiqasi bo‘lgan.
Ayol Turkiyaning Terrorizmga qarshi kurash bosh boshqarmasi tomonidan Istanbulning Beylikduzu tumanida qo‘lga olingan. Qidiruvdagi Oysha Sogyut sirtdan 9 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.
Sogyut qo‘lga olingan xonadonda o‘tkazilgan tintuv chog‘ida mobil telefon, sim-karta va elektron axborot tashuvchi vositalar topilgan.
Rossiyaning Anqaradagi elchisi Andrey Karlovning hayotiga suiqasd 2016 yilning 19 dekabr kuni Anqara zamonaviy san’at markazida “Rossiya sayohatchi nigohida: Kaliningraddan Kamchatkagacha” fotoko‘rgazmasi ochilishida sodir bo‘ldi. FETO terror tashkiloti a’zosi, sobiq politsiya xodimi Mavlud Mert Oltintosh mahalliy vaqt bilan soat 19:05da – elchi ko‘rgazma ochilishida nutq so‘zlayotgan vaqtda uning orqasidan o‘q uzdi.
Taslim bo‘lish talabiga javoban qotil yana o‘t ochgan. Shundan so‘ng maxsus kuchlar askarlari terrorchini yo‘q qilgan.
Tergov xulosasiga ko‘ra, oddiy politsiyachi Rossiya elchisining ish jadvali haqidagi ma’lumotga ega bo‘la olmaydi, bu jinoyat razvedka tuzilmasi ko‘magida rejalashtirilganligini anglatadi.
Rossiya elchisi ishtirokidagi tadbirlar jadvali haqidagi ma’lumotlarni Oltintoshga Turkiya Axborot texnologiyalari va aloqalari boshqarmasining sobiq xodimi Shahin Sogyut bergani ma’lum bo‘lgan.
Tergov Sogyutning telefonida Fatulloh Gulen ishtirokidagi video, shuningdek, Karlovning surati va Gulenning sheriklari ishlatgan shifrlangan yozishmalar dasturini topgan.
2019 yil 8 yanvar kuni Anqaradagi O‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha ikkinchi sudda Rossiyaning Anqaradagi elchisining hayotiga suiqasd ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. Prokuratura pozitsiyasi 2020 yil 5 martda e’lon qilingan va yakuniy qaror 2021 yil 9 martda qabul qilingan.
Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchilar Shahin Sogyut va Solih Yilmaz “Konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga urinish” va “Terrorchilik maqsadida qasddan odam o‘ldirish” moddalari bo‘yicha ikki umrlik muddatga qattiq rejimdagi koloniyaga hukm qilindi.
Oysha Sogyut “Fathulloh Gulen terror tashkilotiga aloqadorligi uchun” 9 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.
Qochqindagi ayblanuvchilar, jumladan Fathulloh Gulen ishi alohida sud jarayonida ko‘riladi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ushbu hodisani terakt deb xulosa qilgan, Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi "Xalqaro terrorizm akti" moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘agan.
Diplomat Karlov vafotidan keyin Rossiya Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan.