Rossiya elchisi KXDR masalasida Janubiy Koreya TIVga chaqirtirildi
Olam
−
21 Oktabr
5242Shimoliy Koreya askarlarining Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishi mumkinligi haqidagi xabarlar fonida Rossiyaning Seuldagi elchisi Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi. Bu haqda bugun, 21 oktyabr kuni Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, Janubiy Koreya diplomatik departamenti rahbarining o‘rinbosari Kim Xong Kyun Rossiyaning Seuldagi elchisi Georgiy Zinovevga yaqinda Shimoliy Koreya askarlarining Rossiyaga jo‘natilganidan chuqur xavotirda ekanligi va Shimoliy Koreya harbiylarini Rossiyadan zudlik bilan olib chiqib ketilishini talab qilgan.
Kim, shuningdek, Shimoliy Koreyaning Ukrainadagi urush uchun qurol va askar yetkazib berishi nafaqat Janubiy Koreya, balki jahon hamjamiyatiga jiddiy tahdid ekanini ta’kidlagan. Uning qayd etishicha, bunday harakatlar BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari va jahon tashkiloti nizomiga ziddir.
Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR Rossiyaga o‘quv mashg‘ulotlari uchun 1500 ga yaqin askar yuborgan va bu askarlar Ukrainaga qarshi urushda qatnashishi mumkin.
“Biz Shimoliy Koreyaning noqonuniy harbiy hamkorligini, jumladan, qo‘shinlarini Rossiyaga jo‘natishini keskin qoralaymiz. Biz xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda asosiy xavfsizlik manfaatlarimizga tahdid soluvchi harakatlarga qarshi barcha mavjud vositalarni safarbar qilish orqali javob beramiz”, degan Kim Xong Kyun.
Vazirlikning bildirishicha, Zinovev Kimga Janubiy Koreya talablarini Moskvaga yetkazishini aytgan.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Pxenyanni Rossiyaga 10 ming askar jo‘natishga tayyorlanayotganlikda aybladi va kecha, 20 oktyabr kuni Shimoliy Koreyaning Ukrainadagi urushdagi ishtiroki kuchayib borayotganini tan olgan davlatlarni keskin munosabat bildirishga chaqirdi.
Rossiya ham, Shimoliy Koreya ham qurol-yarog‘ uzatilishini rad etgan, ammo joriy yilning iyun oyida Rossiya rahbari Vladimir Putinning Pxenyanga tashrifi doirasida ikkala davlat o‘zaro mudofaa shartnomasini imzolab, harbiy aloqalarni rivojlantirishga va’da bergan.
Kreml, shuningdek, Janubiy Koreyaning KXDR Ukrainaga qarshi Rossiyaga yordam berish uchun ba’zi harbiy xizmatchilarni yuborgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi da’volarini rad etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy fuqarolariga yo‘llagan kechki murojaatida Shimoliy Koreya Rossiyani nafaqat qurol-yarog‘ bilan ta’minlashi, balki o‘z fuqarolarini Rossiya armiyasida Ukrainaga qarshi jangga jo‘natishini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday sharoitda Ukraina fronti g‘arblik hamkorlardan “ko‘proq yordamga muhtoj”.
Oktyabr oyi boshida “The Times” gazetasi Rossiya armiyasi Ukrainaga qarshi urushda har yili foydalanadigan uch million artilleriya o‘qlarining qariyb yarmini olgani haqida xabar berdi. Shu bilan birga, Ukraina manbalarining “The Guardian”ga ma’lum qilishicha, KXDR harbiy muhandislari Rossiya qo‘shinlariga Shimoliy Koreyaning KN-23 raketalari bilan Ukrainaga zarba berishda yordam bermoqda.
O‘z navbatida, “The Washington Post” gazetasi Ukraina va Janubiy Koreya rasmiylariga tayanib, Shimoliy Koreya askarlari allaqachon Rossiya tomonida janglarda qatnashayotganini yozgan. Bundan tashqari, KXDRdan bir necha ming harbiy xizmatchilar keyinchalik frontga jo‘natish uchun Rossiya o‘quv lagerlarida o‘qitilmoqda.