Rossiya elchisi Ozarbayjon TIVga chaqirildi
Olam
−
02 iyul 7130 3 daqiqa
Rossiya Federatsiyasining Bakudagi elchisi Mixail Yevdokimov Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati bayonot berdi.
Qayd etilishicha, Rossiya tomonining ikki davlat munosabatlariga putur yetkazayotgan nodo‘stona xatti-harakatlari yuzasidan rossiyalik diplomatga norozilik bildirilgan.
Bu ma’lumotlarga ko‘ra, Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Araz Azimov ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga putur yetkazuvchi nodo‘stona xatti-harakatlar va qadamlar yuzasidan Rossiya tomoniga norozilik notasini bildirgan.
“Rossiya tomonidan sodir bo‘lgan voqea yuzasidan berilgan tushuntirish ekspert xulosasi va marhumlarning jasadlarida zo‘ravonlik izlari borligiga zid keladi”, deyiladi TIV xabarida.
Ushbu reydlar munosabati bilan Rossiya ommaviy axborot vositalarida etnik murosasizlik ko‘rinishlari kuzatilayotgani, ozarbayjonliklarga nisbatan “etnik jinoiy guruh” kabi iboralarning qo‘llanishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi ta’kidlangan.
“Ozarbayjon Rossiya tomonidan qonun buzilishi holatlari bo‘yicha har tomonlama va xolisona tekshiruv o‘tkazishini hamda aybdorlarni javobgarlikka tortishini kutmoqda. Shuningdek, Ozarbayjonning bu boradagi pozitsiyasini Rossiyaning ichki ishlariga aralashish deb hisoblash mumkin emasligi ta’kidlandi. Rossiya tomonining xabarlari “Sputnik Ozarbayjon” vakolatxonasida ko‘rilgan harakatlarga oid xabarlari asossiz deb topildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda”, deya qo‘shimcha qilgan TIV.
Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi o‘tgan yilning oxirida Rossiya havo hududida urib tushirilgan “Ozarbayjon havo yo‘llari” aviakompaniyasiga tegishli samolyot bilan sodir bo‘lgan voqeadan so‘ng Rossiya rasmiylari va ommaviy axborot vositalari orqali Ozarbayjonga qarshi amalga oshirilgan dezinformatsion kampaniya bilan bir qatorda, zarur qadamlar qo‘yilmagani va haqiqiy vaziyatni buzib ko‘rsatishga urinishlar ham qabul qilinishi mumkin emasligini ham ta’kidladi.
“Ozarbayjon Rossiyadan ushbu jinoyat yuzasidan to‘liq va oshkora tergov olib borishini kutmoqda. Jabrlanganlarga tovon puli to‘lash bu qadamlar ikki tomonlama munosabatlardagi salbiy muhitni bartaraf etish uchun juda muhim hisoblanadi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Uchrashuvda, shuningdek, so‘nggi 4-5 oy davomida Rossiya ijtimoiy-siyosiy muhiti va ommaviy axborot vositalari vakillarining Ozarbayjon suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xalqiga qarshi qaratilgan bayonot va chiqishlari ikki tomonlama munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omil ekani qayd etildi.
Ma’lumot uchun, iyun oyining oxirida Rossiyaning Yekaterinburg shahrida o‘tgan yillardagi qotillik ishi doirasida asli ozarbayjonliklar qo‘lga olindi. Reyd davomida ikki kishi – aka-uka Safarovlar vafot etdi. Yekaterinburg sudi esa ish doirasida besh kishini hibsga olgan: Ahliman Ganjiyev, Mazohir, Akif, Ayaz va Bakir Safarov. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “g” bandi – avval ayrim a’zolari qo‘lga olingan uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan qotillik bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.
Bundan tashqari, Ozarbayjon diasporasi rahbari Shaxin Shixlinskiy hibsga olindi va so‘roqdan so‘ng qo‘yib yuborildi. Shuningdek, ozarbayjonlik taniqli tadbirkor Yusuf Xalilov ham ushlangan.
Live
Barchasi