Vaziyat jiddiy. Rossiya TIV Ozarbayjon elchisini chaqirtirdi

Olam

image

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjonning Moskvadagi Favqulodda va muxtor elchisi Rahmon Mustafoyevni rasmiy ravishda chaqirtirdi. Bu haqda vazirlikning so‘zlovchisi Mariya Zaxarova xabar berdi.

Uning aytishicha, elchi Baku tomonidan ko‘rsatilgan do‘stona bo‘lmagan harakatlar, xususan, Rossiya jurnalistlarining noqonuniy qo‘lga olinishi munosabati bilan chaqirilgan. 

Zaxarovaning ta’kidlashicha, bu jurnalistlarga nisbatan Ozarbayjon hukumati ilgari hech qanday e’tiroz bildirmagan.

“Ozarbayjon hukumati bu jurnalistlarga shu paytgacha hech qanday e’tiroz bildirmagan edi. Hozir esa ular hibsga olindi, bu – Rossiya uchun jiddiy tashvish tug‘dirmoqda”, degan Zaxarova. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya hukumati ayni damda Baku shahrida hibsda bo‘lgan o‘z jurnalistlari bilan ikki soatdan ortiq vaqt aloqaga chiqa olmayapti. Diplomatik missiyaning konsullik bo‘limi xodimlari ham hibsdagi jurnalistlar bilan uchrashuvga qo‘yilmagan.

“Biz bu holatdan jiddiy xavotirdamiz. Hech qanday izoh berilmayapti. Rossiya elchixonasi Ozarbayjon TIV, IIV va Davlat xavfsizlik xizmatini rasmiy xabardor qilgan, ammo javob yo‘q”, degan Rossiya TIV vakili. 

Qayd etish joiz, vaziyat shunday bir pallaga yetdiki, Rossiyaning Baku shahridagi vaqtincha ish yurituvchisi Pyotr Volokov ham Ozarbayjon TIVga chaqirilgan. Bu chora Ozarbayjon fuqarolarining Yekaterinburgda qo‘lga olinishi va ikki shaxsning o‘limi bilan bog‘liq holat ortidan sodir bo‘lgan.

Rossiya TIV rasmiylari bu qo‘lga olishlar ilgari sodir etilgan og‘ir jinoyatlar yuzasidan tergov doirasida olib borilganini tushuntirgan. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa huquq-tartibot organlarining bunday harakatlari diplomatik norozilik bildirish uchun asos bo‘la olmasligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 iyun kuni Ozarbayjon politsiyasi Baku shahridagi “Sputnik Ozarbayjon” nashriyoti ofisida tekshiruv o‘tkazgandi. Qolaversa, Ozarbayjon tomoni nashrda ishlagan ikki xodim Rossiya agentlari bo‘lib chiqqanini xabar qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ozarbayjon Sputnik Ozarbayjon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing