Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashining “don kelishuvi” bo‘yicha bayonotiga “veto” qo‘ydi
Olam
−
28 iyul 2022
11847BMT Xavfsizlik Kengashining joriy yilning 22 iyul kuni Istanbulda imzolangan don kelishuvini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan bayonoti Rossiyaning qarshiligi tufayli qabul qilinmadi.
Norvegiyaning BMTdagi doimiy vakili Mona Yuulning “Associated Press” agentligiga aytishicha, Norvegiya va Meksika bir necha kundan buyon BMT Xavfsizlik Kengashiga a’zo mamlakatlarning Qora dengiz orqali don va oziq-ovqat mahsulotlari hamda hamda o‘g‘itni xavfsiz yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni ma’qullagan bayonoti masalasida yagona pozitsiyasiga erishishga harakat qilmoqda.
Bayonot mualliflari Istanbul kelishuvining imzolanishi va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning bu yo‘nalishdagi shaxsiy hissasini olqishlagan.
Shu bilan birga, bayonotdan tomonlarga “don shartnomasi” bo‘yicha barcha majburiyatlarni so‘zsiz bajarish bo‘yicha murojaat ham o‘rin olgan.
“Bunday sa’y-harakatlar davom etayotgan urush va uning Ukraina xalqiga salbiy ta’siri fonida juda muhim”, degan Yuul.
Biroq, BMT Xavfsizlik Kengashi diplomatlariga ko‘ra, Rossiya bayonot loyihasida BMT Bosh kotibining 23 iyul kuni Odessa savdo portiga uyushtirilgan raketa hujumini qoralab chiqqan munosabatiga havola ko‘rsatilgani sabab uni tasdiqlashdan bosh tortgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar, Rossiya Milliy Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Ukraina Infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov ishtirokida “Don yo‘lagi” hujjati imzolandi. Ukrainadan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuv Odessa, shuningdek, Chernomorsk va Yujniydan xavfsiz yo‘laklarni yaratishni nazarda tutadi. Ushbu kelishuv jahon bozorlariga kamida 25 million tonna don yetkazib berish imkonini beradi.
Ukraina Qurolli Kuchlarining “Janub” operativ qo‘mondonligi Istanbulda shartnoma tuzilganiga 24 soat to‘lmasdan, 23 iyul kuni ertalab Rossiya harbiylari Odessa dengiz savdo portiga “Kalibr” raketalari bilan hujum uyushtirgani haqida xabar berdi.
Ukraina TIV hujumga munosabat bildirib, Rossiya raketasi Vladimir Putinning BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning yuziga tupurish, deb baholadi.
LiveBarchasi