Rossiya bir kechada Ukrainaga 23 ta dron va qanotli raketa uchirdi
Olam
−
04 dekabr 2023
5939Bugun, 4 dekabrga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga 23 ta uchuvchisiz samolyot va qanotli raketani uchirdi. Bu haqda Ukraina Harbiy-havo kuchlariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Bildirilishicha, Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlari raketani va 18 ta dronni nishonga yetguncha yo‘q qilgan.
“Havo hujumiga qarshi mudofaa Ukrainaning kamida 9 ta viloyatida joylashtirildi”, deyiladi xabarda.
Havo kuchlari yo‘q qilinmagan uchuvchisiz samolyotlar bilan nima sodir bo‘lgani yoki hujum oqibatida qanday zarar ko‘rilgani haqida batafsil ma’lumot bermagan.
Eslatib o‘tamiz, 25 noyabrga o‘tar kechasi rossiyalik harbiylar Ukraina bo‘ylab rekord darajadagi uchuvchisiz samolyotlarni uchirgandi. Uchirilgan 75 dona drondan 71 tasi urib tushirilgandi. 26 noyabrga o‘tar kechasi Moskva tomon ommaviy dron hujumi uyushtirildi. Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari dronlarni urib tushirdi. 29 noyabr kuni ham Moskva viloyatining Podolsk okrugi hududida Rossiya poytaxti tomon uchayotgan dron urib tushirildi.
LiveBarchasi