Ana xolos! Rossiya armiyasi Ukrainada o‘q-dorilarni eshaklarda tashishni boshladi (video)

Olam

image

Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlari ilgari hujumlar uchun fuqarolik avtomobillari va elektr skuterlaridan foydalangan bo‘lsa, keskin transport yetishmovchiligi sabab endi ular eshak va otlardan foydalanishni boshladi. Bu haqda harbiy jurnalistlarga tayanib, “The Moscow Times” xabar berdi.

Telegram’dagi “Kirill Fyodorov/Voyna Istoriya Orujiye” kanali Mudofaa vazirligi tomonidan bir bo‘linmaga jo‘natilgan yangi “ot-arava transporti” haqida yozgan.

“Askarlar oldingi chiziqqa o‘q-dorilarni olib borish uchun eshak bilan ta’minlandi. Nima deb o‘ylagandingiz? Mashinalar bugungi kunda tanqis!”, deb yozadi manbalar.

Ma’lum qilinishicha, Rossiya Mudofaa vazirligining transport va yuk tashish texnikasi ro‘yxati haqidagi buyrug‘iga ko‘ra, yuk tashish vositasi sifatida hayvonlar, jumladan, eshak va xachirlar ishlatilishi mumkin.

“Rossiya harbiylari hanuz hayratga solmoqda. Qo‘mondonlik bo‘linmalarning logistika imkoniyatlarini ot-arava transporti – eshak va otlar hisobiga kengaytirmoqda”, deb yozdi harbiy tahlilchi Yan Mateyev.

Shuningdek, u bu hali keng tarqalmagani, biroq olti oy ichida vaziyat qanday o‘zgarishini oldindan aytish qiyinligini ta’kidlagan.

“Novaya gazeta – Yevropa” nashri rossiyalik harbiy ekspert bilan suhbatlashgan. U anonimlik sharti bilan ushbu holat, ehtimol, joylardagi tashabbus ekanini aytgan. Uning fikricha, hayvonlardan keng ko‘lamda foydalanish ehtimoli past.

“Tashlab ketilgan xo‘jaliklardan eshak yoki ot topib, ularni ishlata boshlashmoqda. Eshak yoki ot loy va yo‘l mavjud bo‘lmagan sharoitda yurib, masalan, mahsulot yoki o‘q-dorilarni yo‘llardan uzoqda joylashgan tayanch punktlarga yetkazib bera oladi”, deydi ekspert.

Oldinroq “Forbes” nashri ham Rossiya askarlari frontda otlardan foydalayotganini xabar qilgan. Nashr bu haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video asosida xabar qilgan. Videoda ikki Rossiya askari qishloq yo‘lida ot minib ketayotgani ask etgan.

“Qarang, bolalar Ukrainada otni minib olgan”, deydi ulardan biri.

Ukraina Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Anton Geraenko ushbu tasvirlarga izoh bergan.

“Dunyoning ikkinchi armiyasi” o‘zining asl qiyofasida. Rossiya imperiyasi davriga qaytyapmiz – kavaleriyadan va milliy ozchilik vakillarini “go‘sht to‘pi” sifatida ishlatishdan voz kechilmagan. Bu askarlar Saxa Respublikasi – tabiiy boyliklarga juda boy mintaqadan. Biroq Saxa aholisi Ukrainada o‘g‘irlangan otlarda jang qilmoqda. Moskva esa ularning olmos, oltin, gaz va neftidan o‘z g‘aznasini to‘ldirishda davom etmoqda”, deb yozadi u.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainadagi to‘liq miqyosli urush boshlangandan beri yo‘qotgan texnikasi kamida 20 ming 27 donani tashkil etadi. “Oryx” portali tomonidan tasdiqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, 3 mingdan ortiq texnika Ukraina harbiylari tomonidan qo‘lga olingan, yana 1113 tasi tashlab ketilgan, 852 ta texnika zarar ko‘rgan, 15 ming 51 tasi esa yo‘q qilingan. Rossiyaning tank, BMP va BTRlardagi yo‘qotishlari 12 ming birlikka yetgan. Ular orasida T-54 va T-55 kabi 13 ta eskirgan tank hamda 176 ta eng zamonaviy T-90 turli modifikatsiyalardagi tanklar bor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Kursk viloyatida rus qo‘shinlari bilan birga jang qilgan Shimoliy Koreya askarlari yanvar oyi o‘rtalaridan beri yo‘qotishlar sabab harbiy xizmatdan chetda qolgani xabar qilingandi. G‘arb, Janubiy Koreya va Ukraina razvedka idoralari Pxenyan 2024 yil avgust oyida Ukraina kutilmaganda transchegaraviy hujum boshlagan Kursk viloyatida jang qilayotgan Rossiya kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 10 mingdan ortiq askarini yuborganini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina urush o'q-dori eshak harbiy transport

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing