Rossiya AQSHning “provokatsiya”lariga nisbatan munosib javob qaytarishga va’da berdi
Olam
−
16 mart 2023
9231Rossiya tomoni AQSHning MQ-9 razvedkachi dronining Qora dengiz ustida uchirilishini Qo‘shma Shtatlarning Qrim yarim orolida razvedka harakatlarini kuchaytirish deb hisoblashini ma’lum qilib, ushbu “provokatsion” harakatga nisbatan munosib javob qaytarishga va’da berdi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligining bayonotida keltirilgan.
Qayd etilishicha, Rossiya Mudofaa vazirligi AQSHning uchuvchisiz uchish qurilmalari yordamida Ukraina chegaralari yaqinida josuslik harakatlarini amalga oshirishi eskalatsiyaga olib kelishi mumkinligini ma’lum qilgan. Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu Pentagon rahbari Lloyd Ostin bilan telefon suhbatidan so‘ng bu haqda aytib o‘tgan. Shoygu Rossiya AQSHning razvedka samolyoti atayin urib tushirilgani haqidagi iddaolarini rad etgan.
“Amerikaning strategik jihatdan halokatli bo‘lgan dronlarining Qrim qirg‘oqlari bo‘ylab parvozlari provokatsion xarakterga ega ekani va ushbu harakat Qora dengiz zonasida vaziyatning keskinlashishi uchun dastlabki shart-sharoitlar yaratgani qayd etildi. Rossiya voqealarning bunday rivojlanishidan manfaatdor emas, lekin u barcha provokatsiyalarga nisbatan munosib javob qaytarishda davom etadi”, deyiladi bayonotda.
Ma’lumot uchun, bu Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan beri AQSH bilan sodir bo‘lgan birinchi harbiy ziddiyat hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 mart kuni AQSHning MQ-9 razvedkachi droni Rossiyaning Su-27 qiruvchi samolyotlari tomonidan Qora dengizning xalqaro suv hududiga urib tushirilgan edi. Keyinroq ushbu jarayon aks etgan video e’lon qilingandi. Shuningdek, dron qulashi ortidan ikki mamlakat mudofaa vazirlari telefon muloqotini amalga oshirgan edi.
LiveBarchasi