Rossiya Afg‘onistonda AQSH askarlarini o‘ldirish uchun “Tolibon”ga pul to‘lagan – OAV

Olam

image

Rossiya harbiy razvedkasi (Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabining Bosh boshqarmasi) 2021 yilning o‘rtalarigacha Afg‘onistonda joylashgan xalqaro koalitsiya qo‘shinlarini o‘ldirish uchun Afg‘onistondagi guruhlarga yillar davomida pul to‘lab kelgan. Bu haqda "The Insider" va Germaniyaning "Der Speigel" jurnali kecha, 8 yanvar kuni qo‘shma surishtiruvni e’lon qildi.

Afg‘oniston hukumatining sobiq amaldorlari jurnalistlarga AQSH va koalitsiya askarlariga terakt va hujumlar 2016-2019 yillarda sodir bo‘lganini aytgan. Nashrlarning yozishicha, har bir halok bo‘lgan askar uchun mukofot jami 200 ming dollarni tashkil etgan, Rossiya razvedkasi esa "Tolibon"ga kamida 30 million dollar to‘lagan.

Surishtiruv ma’lumotlariga ko‘ra, pullarni Qunduzlik sobiq kontrabandachi Rahmatulla Aziziy boshchiligidagi kurerlar olib o‘tgan. Jurnalistlar Aziziy 2019 yildan beri Moskvada yashayotganini va Rahim Ahmadov nomiga berilgan Rossiya pasportiga ega ekanini aniqlagan. Bu hujjatning raqami Solsberida sobiq ikki tomonlama agent Sergey Skripal va uning qizi Yuliyani zaharlagan Anatoliy Chepiga (Ruslan Boshirov) pasport raqamidan bor-yo‘g‘i ikki raqamga farq qiladi.

"Rossiya razvedka xizmatlari "Tolibon" va boshqa guruhlarga pul o‘tkazish uchun qimmatbaho toshlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniya nomini olgan afg‘on kurerlari tarmog‘ini saqlab turishgan. O‘z missiyasini yakunlab, kurerlar Rossiya hujjatlari va Rossiyadan boshpana olishdi", deb yozadi "The Insider".

Nashrning yozishicha, yollangan afg‘on jangchilarining rossiyalik kuratorlari “Skripalni zaharlash va Yevropada qo‘poruvchilik qilish bilan tanilgan” 29155-harbiy qism ofitserlari bo‘lgan. Qayd etilishicha, terrorizmni moliyalashtirish dasturi rahbari 29155-bo‘linma komandiri o‘rinbosari general-leytenant Ivan Kasyanenko,Rossiya harbiy razvedkasining "Tolibon" bilan asosiy aloqasi esa Aleksey Titov nomidagi pasport bilan uchayotgan polkovnik Aleksey Arxipovdir.

Surishtiruv ma’lumotlariga ko‘ra, kurerlik tarmog‘idagi ba’zi afg‘onlar qochqinlar niqobi ostida Yevropa Ittifoqiga kirishgan. "Der Spiegel" nashriga ko‘ra, ulardan kamida ikki nafari Germaniyadan boshpana so‘rab murojaat qilgan va ularga rad javobi berilgan, biroq ular mamlakatda yashashni davom ettirmoqda.

"The Insider" tomonidan ochilgan ma’lumotlarga ko‘ra, "Rossiyaning turli isyonchi guruhlarni markaziy hukumat va Amerika tuzumiga qarshi qo‘zg‘atish dasturi "Tolibon"ning mukofot dasturidan ko‘ra ancha uzoqroq davom etgan".

Eslatib o‘tamiz, 28 dekabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tashkilotlarni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarishga ruxsat beruvchi qonunni imzolagandi. Unga ko‘ra, Rossiyada terrorchi deb e’lon qilingan tashkilot faoliyatiga qo‘yilgan taqiqni Bosh prokuror yoki uning o‘rinbosarining da’vosi asosida sud qarori bilan bekor qilish taklif etilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston AQSh Rossiya Tolibon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing