Rossiyada dron hujumi xavfi tufayli aeroportlar yopildi
Olam
−
27 dekabr
4077Bugun, 27 dekabr kuni Rossiyaning bir qator aeroportlarida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi. Bu haqda Rossiya havo transporti federal agentligi xabar berdi.
“Fuqarolik samolyotlarining parvozlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida 27 dekabr, juma kuni Moskva vaqti bilan taxminan 05:00 da Sochi aeroporti faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi”, deyiladi bayonotda.
Agentlikning ta’kidlashicha, havo kemalari ekipajlari, havo harakatini nazorat qiluvchi organlar va aeroport xizmatlari parvozlar xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda. Sochi aeroportidagi cheklovlar Moskva vaqti bilan 09:15 da bekor qilindi.
Shuningdek, Qozon aeroporti vaqtincha reyslarni qabul qilmadi yoki jo‘natmadi.
“Fuqarolik samolyotlarining parvozlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida Moskva vaqti bilan soat 06:00 dan Qozon aeroporti faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi", deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Volgograd va Astraxan aeroportlarida havo hududidan foydalanishga cheklovlar joriy etildi.
“Bugun ertalab mintaqada havo hududidan foydalanishga oid cheklovlar joriy etilgani sababli, Volgograd aeroportida Moskvadan (“Aeroflot” va “Pobeda” aviakompaniyalari) parvozlar kechikmoqda. Bugun ertalab mintaqada havo hududidan foydalanish bo‘yicha joriy etilgan cheklovlar tufayli Astraxan aeroportiga Moskvadan “Aeroflot” reysi kelishi kechikmoqda”, dedi aeroport vakili Anastasiya Golodova.
Uning tushuntirishicha, barcha cheklovlar olib tashlangan, aeroportlar odatdagidek ishlamoqda.
Shu bilan birga, Rossiya Mudofaa vazirligi Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari kecha tunda beshta hududda Ukrainaning 13 ta uchuvchisiz samolyotini yo‘q qilganini ma’lum qildi.
“Bryansk viloyati hududida beshta dron, Kursk viloyati hududida uchta, Belgorod va Tula viloyatlari hududida ikkitadan va Astraxan viloyati hududida bittadan urib tushirilgan”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 26 dekabr kuni fuqarolik havo kemalari parvozlarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida Rossiya poytaxti Moskva shahrining Sheremetevo, Domodedovo, Vnukovo, Jukovskiy va Kaluga aeroportlarida vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgandi. RBK nashrining yozishicha, bu “Kovyor” rejim doirasida amalga oshirilgan. Rejim noqonuniy chegarani kesib o‘tish yoki havodagi noma’lum ob’ektlar sababli joriy etiladi.
LiveBarchasi
AQSH dollarining rasmiy kursi pasaydi.
27 dekabr