Rossiya 8-9 may kunlari otashkesim e’lon qildi
Olam
−
09:41 1863 1 daqiqa
Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Ukraina bilan urushda 8 va 9 may kunlari – G‘alaba kuni munosabati bilan bir tomonlama tarzda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi joriy etilishini ma’lum qildi.
Vazirlik bayonotida aytilishicha, Rossiya Qurolli kuchlari bayram tadbirlari xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi. Moskva shuningdek, Ukraina tomoni ham ushbu tashabbusga qo‘shilishiga umid bildirgan.
Shu bilan birga, Rossiya tomoni Ukraina bayramni buzishga urinadigan bo‘lsa, javob sifatida Kiyev markaziga ommaviy raketa zarbalari berilishi mumkinligini ma’lum qilgan.
Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, Rossiya hozirgacha gumanitar sabablarga ko‘ra Kiyev markaziga zarba berishdan tiyilib kelgan, garchi bunday imkoniyat mavjud bo‘lsa ham.
Bundan tashqari, rasmiylar Kiyevdagi fuqarolar va xorijiy diplomatik vakolatxonalar xodimlariga vaziyat keskinlashishi ehtimoli tufayli shaharni o‘z vaqtida tark etishni tavsiya qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya tomoni 9 may kuni Moskvada o‘tadigan paradda harbiy texnika ishtirok etmasligini ma’lum qilgan edi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu qarorni xavfsizlik masalalari bilan izohlagan.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa bu holatga izoh berib, paradda harbiy texnika bo‘lmasligi Rossiya uchun noodatiy holat ekanini aytgan va ukrain dronlari ham ushbu tadbir vaqtida parvoz qilishi mumkinligini bildirgan.
Live
Barchasi