Rossiya huciylarga Qizil dengizdagi kemalarni nishonga olishga yordam berdi – WSJ
Olam
−
25 Oktabr
7769Rossiya Yaman huciylariga Qizil dengizdagi savdo kemalariga uchuvchisiz samolyotlar va raketa hujumlari uchun rus sun’iy yo‘ldoshi ma’lumotlarini taqdim etdi. Bu haqda Yevropa Mudofaa vazirliklari vakillari va boshqa manbalarga tayanib, kecha, 24 oktyabr kuni “The Wall Street Journal” (WSJ) xabar berdi.
Nashr suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya sun’iy yo‘ldoshi ma’lumotlari Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IRQK) xodimlari orqali uzatilgan.
“Rossiya tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar husiylarga zarbalar ko‘lamini kengaytirishga imkon berdi”, dedi u.
Rossiya hukumati “The Wall Street Journal” nashriga izoh bermadi. Gazetaning ta’kidlashicha, Rossiyaning husiylarga ilgari e’lon qilinmagan bu yordami Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH nazoratidagi G‘arbning iqtisodiy va siyosiy tartibini buzish uchun qanchalik borishga tayyorligini ko‘rsatadi.
“Bu holatda, Rossiya Qo‘shma Shtatlar terrorchi guruh deb e’lon qilgan Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan husiylarni dunyoning eng gavjum yuk tashish mintaqalaridan biridagi nishonlarga zarba berish uchun qo‘llab-quvvatladi”, deyiladi xabarda.
Qayd etish joiz, G‘azo sektoridagi mojaro avj olgani sari husiylar Falastin anklavidagi operatsiya to‘xtatilgunga qadar Isroilni o‘qqa tutib, unga aloqador kemalarning Qizil dengiz va Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi orqali o‘tishiga yo‘l qo‘ymasliklari haqida ogohlantirgan. O‘tgan yilning noyabr oyidan beri ular Qizil dengiz va Adan ko‘rfazida o‘nlab fuqarolik kemalariga hujum qilgan.
Husiylarning harakatlariga javoban Amerika rasmiylari Qizil dengizda navigatsiya erkinligini ta’minlash va kemalarni himoya qilish uchun xalqaro koalitsiya tuzilgani va Prosperity Guardian operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Keyinchalik Buyuk Britaniya va Qo‘shma Shtatlar qurolli kuchlari Yamanning turli viloyatlaridagi husiylarning harbiy nishonlariga muntazam zarba bera boshladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Amerikaning CNN telekanali Rossiya Yaman husiylariga raketa va boshqa harbiy texnika jo‘natish niyatida bo‘lgani, biroq Saudiya Arabistoni va AQSHning sa’y-harakatlaridan keyin “so‘nggi daqiqada” o‘z rejasidan voz kechganini xabar qilgandi.
LiveBarchasi