Rossiya xayolparastlaridan tezroq qutulishi kerak – Alisher Qodirov

Jamiyat

image

Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning maslahatchisi Anton Kobyakov sobiq Sovet Ittifoqi haqida bahsli bayonot bilan chiqish qilib, SSSR huquqiy jihatdan hali ham qayerdadir mavjudligi, chunki uni tarqatish tartibi konstitutsiyaviy jihatdan to‘liq bajarilmaganini iddao qilgandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov Rossiya shamollaganlar va hayolparastlaridan tezroq qutilishi kerakligini aytdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.

Deputat o‘z postiga 1990 yilda qabul qilingan 1409-I sonli 20 moddadan iborat SSSR qonunining 2-moddasini ilova qilgan hamda u o‘zbek xalqining ushbu qonunga muvofiq SSSRdan ajralib chiqishga qaror qilganini yozgan.

“O‘zbek xalqi 1990 yilda qabul qilingan 1409-I sonli SSSR qonunining 2-moddasiga muvofiq, SSSRdan ajralib chiqishga qaror qilgan va kim istasa, istaganicha muhokama qilishi mumkin, bu qaror to‘g‘ri va o‘zgarmas!” deya yozgan Qodirov.

Shuningdek, u Rossiya Anton Kobyakov singari shaxslardan tezroq qutilishi lozimligini aytgan.

“Rossiya esa shamollaganlar va hayolparastlaridan tezroq qutulishi kerak. Bu dard gazak olib, tobora og‘ir oqibatlardan darak bermoqda”, deya ta’kidlaydi deputat.

Shu bilan birga, fraksiya rahbari ayni paytda hududida urush ketayotgan Ukrainaning g‘arb davlatlariga tayanib ish ko‘rayotganini tanqid qilgan.

“Ukraina egoist, tarqoq va zaif g‘arbga tayanib xato qildi, lekin bir-biriga tayanayotgan Markaziy Osiyo, qolaversa, butun turkiy dunyoni hisobga olmaganlar xato qiladi”, deydi u.

Bundan tashqari, Alisher Qodirov Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning fikrini qo‘llab-quvvatlashi, qalban rus dunyosiga taalluqli bo‘lganlar, hududi yetarlicha ko‘p bo‘lgan Rossiyada xotirjam va baxtli yashashlari kerakligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov O‘zbekistonda SSSR bayroqlarini ko‘tarib chiqish – amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga zid bo‘lgan, yot kommunistik g‘oyalarni yoqlash sifatida qabul qilinishi lozimligini ayttgandi. Sal vaqt o‘tib, ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston bayrog‘i bilan chiqish qilayotgan bir guruh yoshlar Toshkent shahrida sovetparastlar hujumiga uchragani aks etgan video tarqaldi. Alisher Qodirov buni Sovet bayrog‘ini ko‘tarib, ko‘chaga chiqqan toifalarga to‘xtalib, sobiq Sovet hududlarida provokatsiya qilish kimga oid ekani va kimlar buni moliyalashtirayotganini butun dunyo bilishini urg‘uladi. Qolaversa ayol tomonidan aytilgan gaplarni rad etib, uning so‘zlarini tuhmat sifatida baholashini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

SSSR Alisher Qodirov Anton Kobyakov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing