“Rossiya havo hududi xavfsizmi?” Alisher Qodirov tegishli tashkilotlarga so‘rov yuborilishini bildirdi
Jamiyat
−
28 dekabr
3566Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining rahbari Alisher Qodirov Ozarbayjon samolyotining halokati bilan bog‘liq so‘nggi voqealar fonida o‘zbekistonlik xavfsizligi borasida mas’il tashkilotlarga so‘rov yuborilishini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
“Rossiya havo hududi xavfsizmi? “O‘zbekiston havo yo‘llari” birinchi o‘rinda vatandoshlarimiz xavfsizligi haqida o‘ylashi kerak. “Milliy tiklanish” fraksiyasi bu mavzuda Transport vazirligi va kompaniyaga asosli tushuntirish berish so‘rovini yuboradi”, deya yozgan u.
Eslatib o‘tamiz, 25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchragandi. Aviakompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 29 kishi omon qolgan, 38 kishi halok bo‘lgan.
Shundan so‘ng Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kreml Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga tegishli samolyotning Aqtau shahri yaqinida halokatga uchraganiga baho berishni tergov yakunlariga qadar noto‘g‘ri deb bilishini bildirdi. AQSH ham Ozarbayjon samolyotining halokatida Rossiyani aybladi.
LiveBarchasi