“Robotlar rahbarlik qiladigan zamon keladi”. Jek Madan 5 bashorat 

Olam 6681
image

Insoniyat o‘zining cheklanmagan ehtiyojlarini qondirish yo‘lida yangidan-yangi texnologik kashfiyotlarga qo‘l urmoqda. Bunga boshqa tomondan jahon bozorida avj olgan kuchli raqobat hamda savdo urushlari ham sabab bo‘lyapti. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning ham quyidagi so‘zlari texnologiyalarning qanchalik muhim ekanini ochib beradi:

“Kimki jahon texnologiyalari va bilimlari “musobaqasida” yetakchiga aylansa, u dunyoni boshqaradi”.

Ko‘rinib turibdiki, dunyo global o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda. Bu yo‘lda insonga texnologiyalar hamroh. Lekin, tanganing boshqa tomoni ham bor. Har bir davlat qo‘lga kiritishga harakat qilayotgan eng zamonaviy texnologiyalar, sun’iy intellekt, robotlar insoniyat uchun xavf uyg‘otishi ham mumkinmi? Bu savolga javob topish maqsadida dunyoning texnologik markazlarida biri bo‘lgan Xitoyning birinchi raqamli tadbirkori Jek Maning ushbu mavzu doirasida turli konferensiya va forumlarda so‘zlagan nutqi va bildirgan xavotirlari bilan tanishamiz. 

Davosdagi oxirzamon taxmini

2018 yil yanvar oyida Davosda bo‘lib o‘tgan Butunjahon iqtisodiy forumida Jek Ma texnologiyalarning jadal rivojlanishi oxirzamonga olib kelishi haqida ogohlantirdi. Milliarder shuningdek, yangi texnologiyalar va sun’iy intellekt ko‘plab ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida gapirdi.

Alibaba Group asoschisining so‘zlariga ko‘ra, robotlar va sun’iy intellekt kelajakda ko‘plab kasblarni yo‘q qiladi va odamlarni o‘z ishlaridan mahrum qiladi.

“Dastlabki texnologik inqilob Birinchi jahon urushiga sabab bo‘lgandi, ikkinchi texnologik inqilob Ikkinchi jahon urushiga sabab bo‘ldi, endi esa uchinchi texnologik inqilobga qarab ketyapmiz”, deydi Jek Ma.

“Time” jurnali muqovasini robotlar egallaydi

Texnologiyalar dastidan keyingi 30 yilda dunyoda baxtsizlik foizi ortadi. Bu haqda Jek Ma 2017 yilda Xitoyning tadbirkorlar klubi yig‘ilishida aytgan.

Milliarderga ko‘ra, kelajakda Internet bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday biznes zarar ko‘rishi mumkin. Shuningdek, u 15 yil oldin onlayn tijoratning an’anaviy biznesga ta’siri haqida ogohlantirganini eslatib o‘tgan.

Jek Ma, shuningdek, robotlar va sun’iy intellekt insonlarning qo‘lidan kelmaydigan katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash uchun zarurligini ta’kidlagan.

“Mashinalar odamlarni o‘rnini egallamasligi kerak. Biz ularni odam qila olmaydigan ishlarni bajarishga qanday jalb qilish haqida o‘ylashimiz lozim. Shunda texnologiyani raqib emas, balki “insonga yo‘ldosh” deb qabul qilish mumkin”, deydi Jek Ma.

Shu bilan birga, Ma sun’iy intellektning rivojlanishi odamlarning uzoq umr ko‘rishi va kam ishlashiga olib kelishi mumkinligini tan olgan. Bundan tashqari, robotlar kompaniya rahbarlarini almashtirishi ham mumkin.

“30 yil o‘tgach, “Time” jurnali muqovasidagi yil odami nominatsiyasini, ehtimol robot egallar. Robotning xotirasi biznikidan yaxshiroq, u tezroq hisoblaydi va raqobatchilar bilan janjallashmaydi”, deydi tadbirkor.

Ish vaqti – 12/7 

Jek Ma, shuningdek, sun’iy intellektning rivojlanishi bilan insoniyat haftasiga 12 soatlik ish vaqtiga o‘tishi mumkinligini, biroq buning uchun ta’lim tizimini o‘zgartirish zarurligini ta’kidlagan. Bu haqda tadbirkor 2019 yilning yozida Shanxayda bo‘lib o‘tgan sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro konferensiyada ta’kidlab o‘tgan.

Milliarderning so‘zlariga ko‘ra, mavjud tizim eskirgan, chunki kelajakda sun’iy intellekt yaxshi xotira va buyruqlarni bajarishga asoslangan ish o‘rinlarini to‘liq zabt etadi.

Jek Ma kelajak avlod  haftasiga uch kun va kuniga to‘rt soat ishlashlashi mumkinligini aytib, keyingi 10-20 yil ichida barchani ta’lim tizimini isloh qilishga chaqirgan. Shuningdek, u kelajakda ta’lim ijodkorlikni rivojlantirishga yo‘naltirilishini qo‘shimcha qilgan.

Raqamli iqtisodiyot

2017 yilda Moskvaning Skolkovo nomli innovatsion markazida bo‘lib o‘tgan “Raqamli iqtisodiyot” konferensiyasida Jek Ma elektron iqtisodiyot paydo bo‘lishini bashorat qildi. 

Unga ko‘ra, bunday iqtisodda faqat robotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

“Odamlar kelajak haqida xavotirda. Bu – tabiiy, chunki ularning bunga tasavvuri yetmaydi. Bizda bunday savollarga hozircha javob yo‘q, lekin yechimlar ham paydo bo‘ladi. Insoniyat kelajak avlodga tayanishi kerak. 7 milliard odam orasidan to‘g‘ri fikrlarni taklif qiladigan aqllilar chiqadi”, deydi Ma.

Jek Ma raqamli texnologiyalar mavzusiga ham to‘xtalib, Internet bir necha yildan so‘ng neftdan muhimroq bo‘lishini ta’kidlagan. 

Xitoy va AQSH o‘rtasidagi savdo urushi 20 yil davom etadi

“Odamlar Xitoy va AQSH o‘rtasidagi savdo urushining 20 yil davom etishiga tayyorgarlik ko‘rishi kerak”, deydi milliarder.

Jek Ma bu fikrni 2018 yil kuzida Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumida aytgan. O‘sha paytda Vashington va Pekin o‘rtasidagi “tarif urushi” avjiga chiqayotgan edi.

Jek Ma dunyoning ikki yirik iqtisodiyoti o‘rtasidagi savdo urushi o‘nlab yillar davom etishi mumkinligi sabab Xitoy Afrika, Janubiy-Sharqiy Osiyo va Yevropani qamrab olgan zamonaviy “Ipak yo‘li” bo‘yicha eksportga e’tibor qaratish kerakligini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, Jek Ma 2020 yil 24 oktyabrda Shanxayda bo‘lib o‘tgan moliyaviy forumda Xitoy moliya sohasidagi yangiliklarni to‘xtatib turgan hokimiyatni tanqid qilgan edi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Ma Xitoy nazorat organlari tomonidan chaqirtirilgan. Alibaba sho‘’ba korxonasining rejalashtirilgan IPO’si bekor qilingan. Kompaniyaga nisbatan antimonopol tekshiruvi qo‘zg‘atilgan

Shundan so‘ng, ishbilarmon 3 oy jamoatchilikka ko‘rinish bermadi. Bu esa har xil mish-mishlarni keltirib chiqardi. Keyinroq, milliarder joriy yilning 20 yanvar kuni Xitoyning qishloq o‘qituvchilarini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan onlayn-tadbirda videoaloqaga chiqdi.

Farruxjon Murodqulov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 125
Reyting: 2.9
t
×