“Real” murabbiyi Konmebol terma jamoasini boshqarishi mumkin
Sport
−
12 dekabr 2022
3541Ispaniyaning "Real Madrid" klubi ustozi italiyalik Karlo Anchelotti 2023 yilning yozida futbol bo‘yicha Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlanishi mumkin. Bu haqda bugun, 12 dekabr kuni Braziliyaning "UOL sporte" portali xabar berdi.
9 dekabr kuni Tite Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyligidan ketishini e’lon qildi. U bu lavozimda 2016 yildan beri ishlab kelayotgandi. Mutaxassis Qatarda bo‘lib o‘tayotgan Jahon chempionati chorak finalida xorvatlar bilan o‘yindagi (1:1, 2:4 - penaltilar bo‘yicha) mag‘lubiyatdan so‘ng terma jamoa bosh murabbiyligidan ketdi.
Manbaga ko‘ra, Braziliya futbol konfederatsiyasi (CBF) rahbariyati Anchelotti va Angliyaning "Manchester Siti" klubi bosh murabbiyi ispaniyalik Xosep Gvardiola bilan Qatarda bo‘lib o‘tayotgan Jahon chempionati boshlanishidan oldin ham muzokara o‘tkazgan. Biroq, ispaniyalik mutaxassis terma jamoa bilan ishlashdan manfaatdor emasligini ma’lum qilgan. Anchelotti esa klublardagi faoliyatini "Real Madrid" bosh murabbiyi sifatida yakunlamoqchi bo‘lganligi sababli 2023 yilning iyun oyida Braziliyani boshqarishi mumkinligini aytgan.
Xabarda aytilishicha, CBF rahbariyati terma jamoaga vaqtinchalik murabbiy tayinlashi kerak, chunki 2023 yil mart oyida 2026 yilda AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan navbatdagi Jahon chempionatiga saralash bahslari boshlanadi.