Pelening ahvoli og‘irlashdi
Sport
−
22 dekabr 2022
7729Futbol bo‘yicha uch karra jahon chempioni braziliyalik Pelening sog‘lig‘i yomonlashdi. Bu haqda kecha, 21 dekabr kuni sobiq futbolchining shifokorlari xabar berdi.
"29 noyabr kuni nafas olish yo‘llari infeksiyasini davolash uchun shifoxonaga yotqizilgan Pele saraton kasalligining salbiy tendensiyasiga ega va shuning uchun u ko‘proq intensiv terapiyaga muhtoj", deydi San-Pauludagi klinika shifokori.
Shu bilan birga, shifokorlar uni hali ham reanimatsiya bo‘limiga yoki yarim intensiv terapiya bo‘limiga o‘tkazishga hojat yo‘qligini va u oddiy palatada davolanishda davom etishini ta’kidlamoqda.
21 dekabr kuni ertalab Pelening qizi Kelli Nasimento ijtimoiy tarmoqda otasi Rojdestvo bayramini oilasi bilan o‘tkaza olmasligi, chunki u tibbiy sabablarga ko‘ra shifoxonada qolishi kerakligi haqida xabar berdi.
2021 yilning sentyabrida Pele yo‘g‘on ichakdagi o‘simtani olib tashlash uchun operatsiya qilingandi.
Pele 82 yoshda, u futbol bo‘yicha uch karra jahon chempioni bo‘lgan yagona futbolchi (1958, 1962, 1970). U Braziliya terma jamoasi safida 92 ta o‘yin o‘tkazib, 77 ta gol urgan. Pele xalqaro futbol federatsiyasi talqiniga ko‘ra XX asrning eng yaxshi futbolchisi deb tan olingan. Hujumchi Braziliyaning "Santos" (1956-1974) va Amerikaning "Nyu-York Kosmos" (1975-1977) klublarida o‘ynagan. Braziliyalik futbolchi faoliyati davomida 1279 ta gol muallifi sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.