Rasmiylar “Uchko‘prik voqeasi”ni Bosh prokuratura va IIVdan o‘rganib chiqishni so‘rashmoqda
Jamiyat
−
23 aprel 2020
8610Xabaringiz bor, Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanidan bo‘lgan, “Ma’rifat” gazetasi Sharifa Madrahimova tuman markazidagi bozorda narxlar bilan tanishish jarayonida hokimlik vakillari tomonidan qarshilikka uchradi. Bu qarshilik jismoniy kuch ishlatish yo‘li bilan amalga oshirilgani bois ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng, navbat rasmiylarga keldi.
AOKA rahbari Dilshod Saidjonov Telegram’dagi o‘z sahifasida voqea yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.
“Kecha Agentligimizga “Ma’rifat” gazetasi jurnalisti Sharifa Madrahimovadan Farg‘ona viloyati, Uchko‘prik tumani hokimligi tomonidan huquqlari buzilganligi to‘g‘risida murojaat kelib tushdi.
AOKA voqelikni diqqat bilan o‘rganib chiqdi va yakunda tuman hokimlik vakillari hamda tuman IIB xodimlari tomonidan “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida” va “Jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi normalari buzilishi ehtimoli yuzasidan vaziyatga huquqiy baho berishni so‘rab, Bosh prokuraturaga murojaat qildi. Hozirgi vaqtda Bosh prokuratura masalani o‘rganmoqda va natijalari bo‘yicha o‘z qarorini bildirishni rejalashtirmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiqlik siyosati davlat idoralaridan xalq bilan yaqin muloqot o‘rnatish, fuqarolarning so‘rovlari, muammolari va takliflariga o‘z vaqtida javob berishni talab qiladi. Ushbu muloqotni olib borishda ommaviy axborot vositalari va blogerlar beqiyos rol o‘ynaydi, ular xalqimizga axborot yetkazishda barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga katta yordam ko‘rsatmoqda. Ular, shuningdek, davlat idoralari matbuot xizmatining tayanchi hisoblanadi.
Agentlik barcha davlat idoralari axborot sohasida mamlakat qonunchiligini hurmat qilishlari va konstruktiv tanqidni to‘g‘ri qabul qilishlari shart deb hisoblaydi, chunki OAV va blogerlar idoralarning obro‘si va harakatlariga putur yetkazish maqsadida tanqid qilishmaydi, balki shu orqali ularga fuqarolarning ma’lum muammolarini ko‘rishlariga imkon berish uchun, davlat organlari faoliyatidagi, xususan jamiyatni xabardor qilishdagi xatolar, kamchiliklar va ularni xalqimiz manfaatlariga mos ravishda tezda bartaraf etish uchun mehnat qilishadi”, deydi Saidjonov.
Ushbu masala yuzasidan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi ham holatni Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi o‘rganib chiqishini so‘rab murojaat qilgan.
“21 aprel kuni Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida yashovchi jurnalist, “Ma’rifat” gazetasining viloyatdagi maxsus muxbiri Sharifaxon Madrahimovaga Uchko‘prik tuman hokimligi va tuman IIB xodimlari tomonidan bosim o‘tkazilgani haqida xabarlar tarqaldi. Fond ushbu masala bo‘yicha ham holatni qonun doirasida batafsil o‘rganib chiqishni hamda jurnalistga nisbatan bosim o‘tkazish holati aniqlangan taqdirda mutasaddilarga tegishli tartibda chora ko‘rilishini so‘rab, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligiga murojaat yo‘lladi.
Shuni alohida ta’kidlamoqchimizki, Mass-media fondi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida matbuot va so‘z erkinligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi hamda barcha bo‘g‘inlardagi mutasaddilarni jurnalist va blogerlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan axborot olish va tarqatish huquqini hurmat qilishga chaqirib qoladi”, deyiladi fond bayonotida.
LiveBarchasi