Rasmiylar talabnoma yuborgan Telegram O‘zbekistonda bloklanishi mumkinmi?

Jamiyat 32662
image

Xabaringiz bor, joriy yilning 2 iyulidan O‘zbekiston hududida Twitter, TikTok va “VKontakte” ijtimoiy tarmoqlari ishida uzilishlar kuzatila boshladi. Ko‘p o‘tmay Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi avvalroq serverini O‘zbekiston hududiga o‘tkazish bo‘yicha ogohlantirilgan ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish cheklanganini ma’lum qildi.

Buning ortidan esa O‘zbekistondagi eng ommabop ijtimoiy tarmoq Telegram messenjeri ham bloklanadimi, degan savol tug‘ildi. Telegram qo‘llab-quvvatlash markazining o‘zbekistonlik vakili Davronbek Rustamov messenjerning mamlakat hududida bloklanishi haqidagi masalaga oydinlik kiritdi. Qo‘llab-quvvatlash markazi xodimi dastlab messenjerning O‘zbekistonga kirish tarixini yodga olgan.

Ilk bor Telegram 2013 yil avgust oyida iOS foydalanuvchilari uchun taqdim etildi va Android’dagi birinchi alfa versiyasi bir necha oydan so‘ng — o‘sha yilning oktyabrida chiqdi.

Aynan shu oyning oxirida o‘sha paytda O‘zbekistonda mashhur bo‘lgan “yashil” messenjer ishida jiddiy uzilishlar kuzatila boshlandi. O‘sha vaqtlarda o‘zbekinstonliklarning Telegram’ga qiziqishi paydo bo‘ldi — o‘sha paytdan boshlab “yashil tomondan” “ko‘k tomon”ga oqim kuchayib bordi.

U vaqtda Telegram dunyoda umuman mashhur emas edi, O‘zbekistonda esa aksincha, mashhurligi oshib borayotgan edi. O‘shandan beri messenjer mamlakatdagi eng ommabop IT-mahsulot deb hisoblanadi.

Davronbek Rustamov shundan so‘ng O‘zbekistonda ijtimoy tarmoqlar va saytlarni bloklashning huquqiy asosiga to‘xtalib, so‘nggi vaqtlarda OAVda tez-tez eslanayotgan “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonun talablarini keltirgan. Qonunning O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishning alohida shartlari  to‘g‘risidagi 27¹-moddasida shunday deyiladi:

“Mulkdor va (yoki) operator O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida ishlov berishda ularning jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda hamda belgilangan tartibda Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir ma’lumotlar bazalarida yig‘ilishini, tizimlashtirilishini va saqlanishini ta’minlashi shart”.

Talab mahalliy va xorijiy shaxsiy ma’lumotlarni saqlovchi va qayta ishlovchilar (barcha ijtimoiy tarmoqlar, xizmat va tizimlar, messenjerlar) uchun amal qiladi.

Ma’lum qilinishicha, buning sabablaridan biri fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash va ularning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilishdir — agar fuqarolarning ma’lumotlari boshqa mamlakatda joylashgan bo‘lsa, ularni himoya qilish ancha qiyin bo‘ladi.

Qonunni amalga oshirishning texnik tomoni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (xalq orasida Mininfokom deb nomlanadi) zimmasiga yuklatilgan.

Telegram bo‘yicha vaziyat haqida nima deyish mumkin?

Qonun rasmiy ravishda 14 aprelda kuchga kirdi. O‘sha kundan boshlab kompaniyalarga muzokaralar olib borish va harakatlarni boshlash uchun bir oy muddat berilgan edi.

“2021 yil 15 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Umida Musayeva bilan suhbatda men ushbu qonunning yuqorida aytib o‘tilgan moddasining Telegram’ga ta’sirini va ikki tomon o‘rtasidagi aloqalarni yaxshilash yo‘llarini muhokama qildim", deydi kompaniya vakili.

Qayd etilishicha, 2021 yil 3 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazidan Telegram Messenger Liability Partnership’ga mamlakat hududidagi O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlariga ishlov beradigan texnik vositalarni joylashtirish choralarini 2021 yil 14 aprelgacha ko‘rish to‘g‘risida uchta tildagi rasmiy xat yuborilgan

“2 tildagi ilovalari bo‘lgan asl xat elektron pochta orqali menga ham yuborildi.

O‘sha kuni kechroq, Telegram bilan bog‘liq vaziyatning texnik tomoni, men O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Azizjon Ismoilov bilan batafsilroq muhokama qildim.

U qonun talablarini bajarmagan kompaniyalarga nisbatan qo‘llaniladigan choralarni tartibga soluvchi hujjat ishlab chiqilganligi va u hujjat (o‘sha paytda) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi kutilayotganini tushuntirdi.

Boshqa tafsilotlar qatorida, menga xabar berishlaricha, O‘zbekiston tomoni messenjerdan foydalanishni cheklash bo‘yicha qat’iy choralarni iloji boricha ko‘rmaslikni istaydi, u faqat ijobiy niyatda va muzokaralar olib borish va Telegram ma’muriyati bilan umumiy aloqa nuqtalarini topish uchun ochiq ekan”, deydi Rustamov.

Ta’kidlanishicha, 24 iyun holatiga O‘zbekiston tomoni Telegram’dan rasmiy javob kutmoqda. Telegram xodimi messenjer O‘zbekistonda bloklanadimi, degan savolga quyidagicha javob bergan:

“Bu oylar singari men hozir ham hech narsa deya olmayman, chunki men na qonun chiqaruvchiman, na Telegram qaror qabul qilish jamoasi vakiliman”.

Davronbek Rustamov ijtimoiy tarmoqning bloklanishi borasida shaxsiy fikrlarini bildirib, Telegram’ning faol foydalanuvchilari soni yarim milliarddan ziyod ekanligi va ularning hammasi dunyo bo‘yicha 5 ta asosiy server o‘rtasida tarqatilganini hisobga olib, qo‘shimcha Telegram serverlarining O‘zbekistonda joylashishi ehtimoli kam ekanini ta’kidlagan.

“Men, shuningdek, aslida butun O‘zbekiston — maktab o‘quvchilarining guruh chatlaridan va iqtiboslar kanallaridan tortib davlat idoralarining rasmiy kanallari hamda maxfiyligi va (Telegram’da aloqaning shubhasiz xavfsizligi tufayli) ahamiyati yuqori bo‘lgan chatlargacha — barchasi Telegram’da aloqada turganligini muhim omil deb bilaman.

Shunga qaramay, mamlakatdagi yuz minglab foydalanuvchilar va deyarli barcha jiddiy korxonalar uchun muhim bo‘lgan ijtimoiy tarmoq bir yil oldin bloklanganini eslashimiz mumkin. Ya’ni o‘sha paytda jamoatchilik uchun ushbu tarmoqning ahamiyati haqidagi asos yetarli bo‘lmagan edi”, deydi Rustamov.

Agarda messenjerning mamlakatda ommabopligiga qaramay, bloklashga qaror qilinsa, buning imkoni bormi, degan savolga javob berib Rossiyada Telegram’ni bloklashga urinish bo‘lganini eslagan.

“Roskomnadzorning shunga o‘xshash urinishi muvaffaqiyatsiz tugadi. Ikki yil davomida ushbu idora Telegram’ga kirishni butunlay blokirovka qilishga urindi, ammo proksi-serverlar va VPN o‘z kuchini ko‘rsata oldi (ba’zi hollarda esa messenjer hech qanday yordamchi vositasiz ham ishlagan) — rossiyaliklar Telegram’dan foydalanishda davom etishlari mumkin edi”, deydi Davronbek Rustamov.

Oxir-oqibat Roskomnadzor Telegram’ni rasman blokdan chiqardi.

Messenjerga kirishni qisman yoki to‘liq cheklashga urinishlar bo‘lgan taqdirda, foydalanuvchilar proksi-serverlardan va o‘sha VPN’lardan foydalanishni boshlashadi.

Telegram qo‘llab-quvvatlash markazining o‘zbekistonlik vakili Davronbek Rustamov messenjerning bloklanishi o‘zbekistonliklarning hayotini murakkablashtirishdan tashqari, boshqa salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.

“Blokirovka qilish sharoitlaridan suiiste’mol qilish va texnik vositalardan shaxsiy manfaat uchun foydalanish (aniq uslublarni oshkor qilmoqchi emasman) shuningdek ham shaxsga/kompaniyalarga, ham butun ommaga ko‘proq zarar yetkazish holatlari ko‘payishi mumkin”, degan Rustamov.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 601
Reyting: 3
Teglar
t
×