Tankka qarshi ketmon bilan jang qilishdek absurd qaror — Rasul Kusherboyev Twitter va TikTok cheklanishi haqida
Jamiyat
−
03 iyul 2021
17182Xabaringiz bor, kecha, 2 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunining 271-moddasi talablariga zid ravishda mamlakat fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berilayotgani uchun kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar Twitter, TikTok va “VKontakte” kabi ijtimoiy tarmoqlari faoliyatiga cheklov o‘rnatdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev ommabop ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishiga munosabat bildirib, “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunni foydasiz deb atadi.
“Qonun talablariga zid ravishda fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berayotgan ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish cheklanibdi. Men qarshi bo‘lgan foydasiz qonun”, deydi Kusherboyev.
Deputat fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini muhofaza qilish maqsadi ortida mazkur tarmoqlarni cheklashga urinish harakati bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.
“Fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini muxofaza qilish bahonasi bilan internetdagi ommabop tarmoqlarni cheklashga urinishdek ko‘rinayotgan bu ish ko‘proq salbiy oqibatga olib kelishi mumkin. Masalan, foydalanuvchilar ommaviy ravishda cheklovlarni chetlab o‘tuvchi VPN kabi dasturlardan foydalanishni boshlaydi, nazorat butkul yo‘qoladi. Kamiga fuqarolarni qonunbuzarga aylanishga majbur qilamiz”, deydi Kusherboyev holatga o‘ziga xos izoh berib.
Deputat “O‘zkomnazorat”ning cheklov chorasini “tankka qarshi ketmon bilan jang qilishdek “axborot asri”dagi juda kulguli va absurd qaror”, deb baholagan.
“Fuqarolarning mulk huquqi buzilsa jimlik, uyidan xaydalsa jimlik, yeri majburan olib qo‘yilsa jimlik, fermer sarson yursa jimlik...Lekin uning shaxsga doir ma’lumotlarini muxofaza qilishga kelganda keskin choralar... G‘alatimasmi?”, deya so‘zini yakunlagan Rasul Kusherboyev.
LiveBarchasi