Rossiyada Telegram deyarli to‘liq bloklandi

Olam

image

Rossiya hukumati Telegram’ni bloklashni kuchaytirmoqda va uning darajasini deyarli 100 foizga yetkazdi. “Internetni himoya qilish jamiyati” rahbari Mixail Klimarev OONI servisining shunga doir ma’lumotlarini e’lon qildi.

Agar mart oyi oxirida bloklashdan aylanib o‘tish vositalarisiz (VPN’siz) messenjerga murojaat qilishdagi uzilishlar darajasi taxminan 80 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 95 foizga yetgan. 

“Menimcha, Rossiya hududida Telegram to‘liq bloklandi”, deya xulosa qiladi Klimarev. 

Shuningdek, u o‘lchov ma’lumotlari hozircha kamligini ham qo‘shimcha qilgan. Biroq buni “Downdetector” ma’lumotlari ham tasdiqlamoqda. Bugun, 10 aprel yarim tundan beri messenjerga kirishdagi uzilishlar darajasi 69 foizdan 100 foizga ko‘tarilgan. Bu joriy yildagi bloklashlar boshlanganidan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Oxirgi soat ichida Telegram ishidagi muammolar bo‘yicha 800 ga yaqin shikoyat tushgan. Eng ko‘p shikoyatlar Moskva, Sankt-Peterburg va Samara viloyatidan bo‘lgan. Foydalanuvchilar messenjer ochilmayotgani, xabar yuborib va qabul qilib bo‘lmayotgani hamda mediafayllar yuklanmayotganini ta’kidlamoqda.

Aprel oyiga kelib mamlakat hududida Telegram’dan foydalanish imkoniyati 20 foizgacha tushib ketgan. “Rostelekom” rahbari Mixail Oseyevskiy T2 tarmog‘ida messenjer trafigi 10 baravar kamayganini ma’lum qildi. Prezident ma’muriyatidagi manbalar bloklash qarori kuch ishlatar tuzilmalar tomonidan qabul qilinganini aytgan.

Shunga qaramay, ko‘plab rossiyaliklar VPN yordamida Telegram’dan foydalanishda davom etmoqda. Messenjer asoschisi Pavel Durov ularning sonini kuniga 65 million kishi deb baholagan. U, shuningdek, “raqamli qarshilik” kampaniyasi boshlanganini e’lon qilgan va Telegram trafigini Chrome brauzeri niqobi ostida ko‘rsatuvchi hamda bloklashlarni aylanib o‘tishga yordam beruvchi yangilanishni chiqargan.

“Levada-sentr” so‘rovnomasiga ko‘ra, rossiyaliklarning deyarli yarmi (49 foizi yoki 71 million kishi) hukumat bloklashiga qaramay, Telegram’dan foydalanishda davom etmoqda. Har beshinchi kishi (20%) messenjerdagi axborot kanallarini har kuni yoki kuniga bir necha marta kuzatib boradi.

Eslatib o‘tamiz, Roskomnadzor 2025 yil yozida firibgarlarga va rossiyaliklarni diversiyalarga jalb qilishga qarshi kurash bahonasida Telegram’ni bloklashni boshlagan edi. Avvaliga ovozli qo‘ng‘iroqlar cheklandi, keyin esa mediafayllar uzatish tezligi pasaytirildi. 2026 yil fevralida regulyator bloklashni kuchaytirib, messenjer Rossiya hukumati bilan hamkorlik qilmayotgani va jinoyatchilarga qarshi yetarli choralar ko‘rmayotganini da’vo qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Telegram Mixail Klimarev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing