Rasman! “Man Siti” moliyaviy firibgarlikda aybdor deb topildi
Sport
−
22:15 1599 3 daqiqa
Angliya Premer-ligasi (APL) “Manchester Siti” klubi 2009/10 yilgi mavsumdan 2017/18 yilgi mavsumgacha bo‘lgan davrda liganing moliyaviy qoidalarini buzish bilan bog‘liq barcha ayblov bandlari, shuningdek, liga tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv bilan hamkorlik qilishni istamagani bilan bog‘liq ayblovlarning aksariyati bo‘yicha aybdor deb topilganini e’lon qildi.
Mustaqil komissiya “Manchester Siti”ning quyidagi qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yganini aniqlagan:
- bir qator tijorat hamkorlari bilan soxta shartnomalar (tomonlar o‘rtasidagi haqiqiy kelishuvlar mohiyatini buzib ko‘rsatuvchi) tuzgan, shuningdek, klub daromadlarini sun’iy ravishda oshirish va xarajatlarini kamaytirish uchun boshqa kontragentlar bilan soxta kelishuvlarga tayangan;
- noto‘g‘ri moliyaviy hisobotlarni taqdim etgan hamda auditorlar va futbolni tartibga soluvchi organlardan o‘z moliyaviy ahvolining haqiqiy holatini yashirgan;
- APL va UEFA tomonidan belgilangan xarajatlar limitining jiddiy buzilishiga yo‘l qo‘ygan;
- APL tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv davomida klub liga bilan hamkorlik qilish va halol hamkorlik qilish bo‘yicha majburiyatlarini bir necha bor buzgan.
Mustaqil komissiya, shuningdek, ko‘rsatilgan davrda “Manchester Siti” yashirin moliyalashtirish sxemasi doirasida bir qator homiylar bilan soxta tijoriy bitimlar tuzganini aniqlagan. Ushbu kompaniyalardan homiylik badallarining faqat bir qismini to‘lash talab qilingan, summaning qolgan qismi esa klubga egalik qilgan Abu Dhabi United Group Investment & Development Ltd (ADUG) kompaniyasi tomonidan qoplangan.
Ushbu sxema doirasida qo‘shimcha soxta kelishuvlar tuzilgan (ular ham ADUG tomonidan moliyalashtirilgan), bu klubga hisobotda operatsion xarajatlarni amaldagidan kamroq miqdorda aks ettirish imkonini bergan. Bundan tashqari, “Fordham” kompaniyasi ishtirokida (klub o‘yinchilarining qiyofasidan foydalanish huquqlarini sotib olgan) soxta sxema amalga oshirilgan bo‘lib, u ham ADUG tomonidan moliyalashtirilgan.
Ushbu sxemalarning maqsadi moliyaviy qoidalarga rioya qilinayotganidek taassurot qoldirish uchun klub daromadlarini sun’iy ravishda oshirish va xarajatlarini kamaytirish (ko‘rib chiqilayotgan davr uchun umumiy hisobda 900 million funt sterlingdan ortiq) bo‘lgan. Komissiya aniqlaganidek, buning oqibatida klub tomonidan noto‘g‘ri hisobotlar taqdim etilgan hamda auditorlar va futbol regulyatorlaridan haqiqiy moliyaviy ahvol yashirilgan. Komissiya “klub o‘z harakatlari bilan APL qoidalarini chetlab o‘tishni ochiqchasiga maqsad qilgan” degan xulosaga kelgan.
Natijada “Manchester Siti” APL qoidalariga, shuningdek, UEFAning klublarni litsenziyalash va moliyaviy fair play (halol o‘yin) qoidalariga muvofiq o‘z daromadlari va xarajatlarining to‘g‘ri aks ettirilishini ta’minlamagan. Komissiya agar barcha tegishli kelishuvlar klubning moliyaviy hisobotida to‘g‘ri aks ettirilganida, bu liga va UEFA tomonidan belgilangan xarajatlar limitining sezilarli darajada oshirib yuborilishiga olib kelishini aniqlagan.
Bundan tashqari, Premer-liga tomonidan o‘tkazilgan to‘rt yillik surishtiruv davomida klub liga bilan hamkorlik qilish va halol muloqotda bo‘lish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bir necha bor buzgan. Komissiya klub “Premer-liga surishtiruvini to‘xtatish va unga to‘sqinlik qilish uchun maqsadli harakatlarni amalga oshirgan” degan xulosaga kelgan.
Klub komissiya xulosalari yuzasidan 2 oktyabrgacha shikoyat berish huquqiga ega.
APLning ma’lum qilishicha, endilikda ayblovlar o‘z tasdig‘ini topgach, sanksiyalarni qo‘llash masalasi mustaqil komissiya ishtirokidagi navbatdagi majlisda alohida ko‘rib chiqiladi. Liga qoidalariga muvofiq, ushbu majlis yopiq tartibda o‘tadi va uning natijalarini oshkor qilishga ruxsat berilguniga qadar mahfiy bo‘lib qoladi.
Live
Barchasi