Angliya futbol klublarining aksariyati moliyaviy inqiroz yoqasida – OAV

Sport

−

image

Angliya futbolidagi mustaqil regulyator (IFR) so‘nggi 18 oyni qamrab olgan hisobotini e’lon qildi. Unda mamlakat futbol klublarining moliyaviy ahvoli beqaror ekani va ko‘plab jamoalarning uzoq muddatli barqarorligi xavf ostida qolayotgani qayd etilgan. Bu haqda “Sky Sports” nashri xabar berdi.

Hisobotga ko‘ra, 160 ta klubning 94 foizi zarar bilan ishlamoqda. Bu holat ularning umumiy daromadi 9 milliard funt sterlingdan oshishiga qaramay kuzatilmoqda. Tahlilchilar buni raqobatchilardan ortda qolmaslik maqsadida haddan tashqari ko‘p mablag‘ sarflanayotgani bilan izohlamoqda.

IFR ma’lumotlariga ko‘ra, qarzlarning ko‘payishi va klub egalarining moliyaviy yordamiga ortiqcha bog‘liqlik futbol jamoalarining barqarorligiga jiddiy tahdid tug‘dirmoqda.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, agar klub egalari moliyaviy yordamni to‘xtatsa, jamoalarning chorak qismidan ko‘prog‘i bir oydan ortiq faoliyat yurita olmasligi mumkin. Shuningdek, ko‘plab klublarda moliyaviy favqulodda vaziyatlarga mo‘ljallangan aniq rejalar mavjud emasligi aniqlangan.

Hisobot Angliya futbolida daromadlar yuqori bo‘lishiga qaramay, xarajatlarni nazorat qilish va uzoq muddatli moliyaviy barqarorlikni ta’minlash masalasi dolzarbligicha qolayotganini ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Premer-ligasining eng kuchli beshta klubi “Manchester Siti”ni musobaqadan chetlatish va klubga transfer taqiqini joriy etish istagini bildirgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing