Rashid Qodirov lozim sexida, Ixtiyor Abdullayev esa chinni zavodida ishlayotgani aytildi
Jamiyat
−
06 may 2021
47658O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili qoshidagi komissiya O‘zbekiston IIV JIEBB tizimidagi 22-sonli koloniyada monitoring o‘tkazgan. Komissiya tarkibida bo‘lgan O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelgan payti qamalgan sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirov va Davlat xavfsizlik xizmati sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev bilan uchrashganini ma’lum qildi.
U shunday yozadi:
“Bu o‘rinda jamoatchilikni ko‘proq qiziqtiradigan manzara borki, shaxsan mening zonaga tashrifim ham, bu postni yozishga undagan jihat ham shudir. Ya’ni, bu yerda jazo muddatini o‘tayotgan yuqori darajadagi mulozimlar: sobiq Bosh prokurorlar Rashidjon Qodirov, Ixtiyor Abdullayev, sobiq MXX katta zobiti Javdat Sharifxo‘jayev, Bosh prokuror o‘rinbosari Ulug‘bek Sunnatov va Xurramovlar.
Avval mamlakatimizga uch muddat Bosh prokurorlik qilgan Rashidjon Qodirov bilan suhbatlashdik. U kishidan sharoitlar, mahkumlarga muomala haqida so‘radim. Har holda xushyor odam – yaqin bir oyda manzil koloniyaga chiqishini, shikoyatlari yo‘qligini, BMT strkturalariga qiynoqlar bo‘yicha shikoyat iqilmaganini, sog‘lig‘i yaxshiligini aytdi. “Yurak bo‘yicha avvalroq sangorodda davolangandik, hozir hammasi yaxshi” deydi Qodirov”.
Shuningdek, Tashanov sobiq Bosh prokuror Rashid Qodirov va Davlat xavfsizlik xizmati sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev qamoqxonada nim ish bilan mashg‘ulligini ham ochiqlagan.
“Ko‘rdikki, sobiq Bosh prokuror Rashitjon Qodirov hozirda tikuv sexida ishlamoqda. Uning qo‘lidan chiqqan guldor matolardan tikilgan bejirim ayollar ko‘ylagi, lozimi va boshqa ashyolar ko‘zni quvontiradi. Rasmlarga olishdi, komissiyamiz vakillari hademay bu rasmlar chop qilishsa kerak.
General Abdullayevni chinni sexida idishga naqsh solayotgan jarayonda uchratdim. Ungacha muassasaning tibbiy bo‘limiga kirib, u kishining tibbiy kartasi bilan tanishgandim. Hujjatga ko‘ra, Abdullayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 242- va 301-moddalari bilan 16 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Unga nisbatan yaqin orada ikki marta o‘tkazilgan COVID-19 testi manfiy chiqqan. Bo‘yin umrtqa pog‘ona qismidagi og‘riqdan shikoyat qilgan. Ko‘zining ko‘rish darajasi birinchi ko‘zda +1 va ikkinchi sohada +2,58.
Tibbiyot qismi shifokorining aytishicha, Abdullayev 2017 yilda Germaniyada ko‘z gavharlarini almashtirish bilan bog‘liq jarrohlik amaliyoti o‘tkazgan. Ya’ni, ko‘z xastaligi tergov yoki zonada orttirilmagan.
Sobiq Bosh prokurorga uning otasi va o‘g‘li bir qancha OAV orqali jamoatchlik va Prezidentga murojaat qilgani, unga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilgani va hozirda uni yaqishlari bilan ko‘rishtirishmayotgani, izolyatsiyada saqlanayotgani haqida bayonotlar berishayotganini aytdim. U kishi “hammasi yaxshi bo‘ladi, bu gaplar Prezidentimizga yetib borsa, adolat qiladilar”dan nariga o‘tmadi”, deb yozadi huquq faoli.
Tashanov ikki sobiq Bosh prokuror ham o‘ta ehtiyotkorlik bilan muomalada bo‘lganini yozadi.
“Ta’kidlash kerakki, ikki sobiq Bosh prokuror ham o‘ta ehtiyotkorlik bilan muomalada bo‘ldi. To‘g‘rirog‘i, komissiyalarning nimaligi, qayergacha bora olishini o‘tmishdagi faoliyati orqali yaxshi biladigan bu mulozimlar vaziyatni murakkablashtirib o‘tirishmadi. Har holda menga shunday tuyuldi.
Sexlardan chiqayotib, sobiq MXX polkovnigi Javdat Sharifxo‘jayev bilan ko‘rishdim. U gapni qisqa qilib, hech qanday shikoyati yo‘qligini ta’kidlagan holda qochib qoldi.
Umuman, koloniyadagi manzara meni qoniqtirdi. Masalan, siyosiy ahamiyatga molik bo‘lgani uchun Bosh prokurorlarga alohida mulozamat yoki kuzatuv yo‘q. Alohida osh-ovqat ham ajratilmagan. Ko‘pchilikka nima bo‘lsa, shu.
Koloniyaning kattagina qismi ta’mirda ekan. Oshxonadagi osh-ovqatlar yomonmas. Kutubxona, sport zallari va zerikib qolmaslik va pul topish uchun tashkil qilingan sexlar shular jumlasiga kiradi. G‘alatiroq taassurotlar bilan qaytdim. Bir paytlar u bilan suhbatlashish, so‘roqqa tutish tugul oldiga bora olmaganimiz bu odamlar bugun mahzun, avvalgi salobatdan asar ham yo‘q”, deb yozadi Tashanov.
LiveBarchasi