Ramzan Qodirovning o‘ng qo‘li ruslarni beshtadan farzand ko‘rishga chaqirdi
Olam
−
13 may 2023
13613Chechenistonning “Axmat” maxsus kuchlari qo‘mondoni, Ramzan Qodirovning o‘ng qo‘li Apti Alaudinov ruslarni beshtadan farzand ko‘rishga chaqirdi. Bu haqda “Pravda.ru” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Alaudinov rus xalqini Rossiyaning asosi deb atagan va ular ko‘proq farzand ko‘rishmasa, 50-100 yildan keyin yo‘q bo‘lib ketadigan millatga aylanib qolishlaridan ogohlantirgan. U dunyo aholisi 8 milliarddan oshgani, Rossiyaning aholisi soni esa 148 million kishiga yetganini eslatgan.
“Shu bilan birga siz bilan men dunyodagi eng katta mamlakatning aholisimiz, u sayyoramizning eng katta xom ashyo resurslariga ega. Aslida bizda hamma narsa bor. Shuni tushunishimiz kerakki, agar ruslar davlatni tashkil etuvchi millat sifatida farzand ko‘rishni boshlamasalar, 50-100 yildan keyin ular yo‘q bo‘lib ketayotgan xalqqa aylanadilar. Shuningdek, bu Rossiyada yashovchi boshqa xalqlarning manfaatlariga mos kelmaydi”, deydi u.
Alaudinov ruslarning asosiy vazifasi urushda g‘alaba qilish bilan bir qatorda farzand ko‘rish ham ekani, aks holda Rossiya hududlariga egalik qilish, uni boshqarish va davlat xavfsizligini ta’minlash uchun hech kim qolmasligidan ogohlantirdi.
“Men ruslarni kamida beshta farzandli katta oilalar yaratishga chaqiraman. Nega ruslarning oilasi qadim zamonlardan beri “semya” deb nomlangan?! Bu yetti kishi: ota-ona va kamida beshta farzand deganidir”, deya xulosa qiladi “Axmat” qo‘mondoni.
Rossiya hisob palatasi 2020 yilda bergan ma’lumotlarga ko‘ra, “Demografiya” milliy loyihasi ham va hatto muhojirlar oqimi ham Rossiya aholisi sonining kamayishi muammosiga yechim bo‘la olmayapti.
Demograflarning aytishicha, agarda reproduktiv yoshdagi har bir ayolga 2,2 tadan bola to‘g‘ri kelsa, millat doimiy ravishda o‘sha miqdorda saqlanib qoladi. Bordi-yu har bir ayol 1,1 tadan farzandni dunyoga keltirsa, 25 yildan so‘ng reproduktiv yadro ikki baravarga qisqaradi. Rossiyalik jamiyatshunoslar rus oilalari ikkinchi va uchinchi farzandni dunyoga keltirishni kamroq istayotgani va buning oqibatida millat asta-sekin yo‘q bo‘lib ketishidan ogohlantirib keladi.
Demograf Yuriy Krupnovning aytishicha, hozirda Rossiyada har bir oilaga 1,5 tadan bola to‘g‘ri keladi. U bu holatni nazariy jihatdan ruslar tarixining tugashi deb baholagan. Krupnov buning oldini olish uchun har bir oila 2-3 tadan farzand ko‘rishga harakat qilishi kerakligini maslahat bergan.
Ma’lumot uchun, Rossiyada tug‘ilish ko‘rsatkichining eng yuqori darajasi 2015 yilga to‘g‘ri keladi. O‘sha yili har bir rus oilasiga 1,77 ta bola to‘g‘ri kelgan. 2014 yil mamlakatda 2 million chaqaloq dunyoga kelgan bo‘lsa, 2016 yildan boshlab bu ko‘rsatkich pasayib borgan. 2021 yilda 1,3 million bola tug‘ilgan. Mazkur ko‘rsatkich 2022 yilda yana 6,3 foizga pasaygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya shaharlaridan birida aholi sonining kamligi oqibatida kadrlar yetishmovchiligi kuzatilgan va natijada hukumatni boshqarish uchun sun’iy intellektdan foydalanish boshlangandi.