Ramzan Qodirovning qizini Mirziyoyevning qizi va kuyovi kutib oldi (foto)
Madaniyat-san’at
−
03 dekabr 2021
68350Avvalroq, Checheniston Respublikasi rahbari Ramzan Qodirovning qizi – Madaniyat vaziri Ayshat Qodirova O‘zbekistonga kelib, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan uchrashgani haqida xabar bergan edik.
Ayshat Qodirovani Toshkent xalqaro aeroportida, samolyot trapi oldida Prezident Shavkat Mirziyoyevning kenja qizi Shahnoza Mirziyoyeva turmush o‘rtog‘i Otabek Umarov bilan kutib olgan. Shu kuni 22 yashar vazir sharafiga Hilton mehmonxonasida dasturxon yozilgan, konsert dasturi taqdim etilgan. Ayshat Qodirovaning ijtimoiy tarmoqda yoyinlagan videosidan anglashilicha, ushbu kechki ovqatda Prezidentning kenja qizi Shahnoza Mirziyoyeva va jiyani Diyora Usmonova ham ishtirok etgan.
Oqshomda Ayshat Qodirova uchun modalar namoyishi ham o‘tkazilgan.
Ayshat Qodirova, shuningdek, O‘zbekistonga tashrifi davomida Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilova hamrohligida O‘zbekiston davlat san’at muzeyi bilan tanishgan. Qolaversa, vazir xonim Checheniston muftiysi Saloh Xoji Mejiyev bilan Buxoroga ham borib, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilgan.
2017 yilgacha O‘zbekiston va Checheniston munosabatlarida yuqori darajadagi iliqlik bo‘lmagan. Ramzan Qodirov O‘zbekistonga ilk amaliy tashrifni 2017 yilning oktyabr oyida amalga oshirgan edi. O‘shanda u Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgandi.
Ramzan Qodirov to‘ng‘ich qizi 22 yashar Ayshat Qodirovani joriy yilning oktyabr oyida Madaniyat vaziri lavozimiga tayinladi.