Ramzan Qodirov Ukrainaga bordi – OAV (video)
Olam
−
13 mart 2022
41101Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov ayni vaqtda Ukrainada. U Kiyevdan 7 km uzoqlikdagi Ivankovo qishlog‘i yaqinida Rossiya qo‘mondonlaridan janglar qanday ketayotgani va qo‘shinlarning hujumi haqidagi ma’lumotlarni qabul qilyapti. Bu haqda RBK “Grozniy” kanaliga asoslanib, ma’lum qildi.
Ramzan Qodirovning Ukrainaga qachon kelgani oshkor qilinmagan. U chechen harbiylari bilan uchrashgan va ularning vazifasi “Kiyevni olish” ekanini aytgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Checheniston rahbarining yonida yordamchisi Daniil Martinovni ko‘rish mumkin. Ba’zi manbalarda Martinovning so‘nggi ikki hafta davomida Ukrainada bo‘lgani aytiladi.
“Biz bolalar uyiga yaqinlashdik va o‘rab olib, ichkariga kirdik, lekin bolalar u yerda yo‘q edi. Biz bir necha soatga kech qolgan edik”, deydi qo‘mondonlardan biri Ramzan Qodirovga.
Eslatib o‘tamiz, bir kun avval Checheniston xavfsizlik kuchlari bolalar uyini Ukraina kuchlaridan ozod qilganligini e’lon qilgan edi.
Shuningdek, videoda qo‘mondonlarning Qodirovga DXR hududidagi janglar va Ukrainaning boshqa hududlaridagi hujumlari haqida hisobot berayotganini ham eshitishingiz mumkin.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15