Ramzan Qodirov dushmanlarining onasini qamadi

Olam

image

Bugun, 4 iyul kuni Grozniyning Axmatov rayoni sudida chechenistonlik sobiq sudyaning rafiqasi va huquq faollarining onasi Zarema Musayeva firibgarlik ayblovi bo‘yicha sud qilindi. Sud uni besh yarim yilga umumiy tartibli koloniyaga hukm qildi. Bu haqda BBC xabar berdi. 

Aytilishicha, Zarema Musayeva 2022 yilning 20 yanvarida qo‘lga olingan. Checheniston IIV xodimlari uning Nijniy Novgoroddagi kvartirasiga bostirib kirgan va kuch bilan Grozniyga olib ketgan. Musayevaga kiyinishiga ham, doimo qabul qilib turishi kerak bo‘lgan insulinni (ayol diabetga chalingan) olishga ham imkon berilmagan. Shundan so‘ng Zarema Musayeva keyingi bir yarim yilni tergov izolyatorida o‘tkazgan. 

Gap shundaki, Musayevaning turmush o‘rtog‘i — chechenistonlik sobiq federal sudya Saydi Yangulbayev va ularning farzandlari Abubakr va Ibrohim — huquq faollari va muxolifatchilar bo‘lgan. Zarema Musayeva 2017 yildayoq eri bilan Chechenistondan ketishga majbur bo‘lgan. Checheniston huquq-tartibot organlari xodimlari Qodirovning tanqidchilarini tutish uchun o‘z nazoratidan tashqarida bo‘lgan hududga borishi o‘sha vaqt uchun noyob va shokka tushiradigan pretsedent bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, Checheniston hukumati Yangulbayevlarni 1ADAT harakati (muxolifatchi ruhdagi Telegram-kanal nomi bilan atalgan) bilan aloqador deb hisoblaydi, bu harakat a’zolari Qodirovni ochiqchasiga tanqid qiladi va o‘zlarini “Chechenistonni deokkupatsiya qilish tarafdorlari” sifatida namoyish etadi. Harakat Rossiyada taqiqlangan, ularning sayti bloklangan. Musayevaning o‘g‘li Abubakr “Qiynoqlarga qarshi jamoa”ning Kavkaz bo‘limi huquqshunosi bo‘lib ishlaydi. U ham, otasi ham 1ADAT bilan aloqalarga ega emasligini ta’kidlagan. Faqatgina Ibrohim Yangulbayev o‘zining bu harakatdagi ishtirokini tasdiqlagan.

Keltirilishicha, Checheniston uchun Ramzan Qodirovning tanqidchilariga ularning qarindoshlari orqali bosim o‘tkazish odatiy holga aylangan. Qodirov esa bu oiladan qattiq jahli chiqqan. 

Zarema Musayeva hibsga olinishidan oldin Chechenistonda Yangulbayevlarning 15 qarindoshi yo‘qolib qolgan. Musayevani Grozniyga olib borishgach, uning ishi shov-shuvga aylanib ketganidan keyin Qodirov Yangulbayevlarga ochiq tahdid qila boshlagan. 

“Bu oilani yo qamoq, yoki yer ostidagi joy kutmoqda. Va bu endi menga bog‘liq emas. Men jamoatchilik kayfiyatidan boxabarman. Hech bo‘lmaganda birgina chechen tirik ekan, bu oila a’zolari hayotdan bemalol bahra ololmaydi, chunki xalqimizning har bir vakilining sha’niga katta zarar yetkazilmoqda”, degan Ramzan Qodirov. 

Qodirovning maslahatchisi va Davlat dumasi deputati Adam Delimxonov esa shunchaki oilani qatl etish bilan tahdid qilgan. Shundan keyin Saydi Yangulbayev va o‘g‘illari Rossiyani tark etgan.
Grozniyda esa muxolifatchilar oilasiga qarshi miting uyushtirilgan. Rasmiylar buni “stixiyali” (odamlar o‘zi uyushtirgan) deb ko‘rsatishadi, ammo o‘z-o‘zidan boshlanadigan ko‘p ming kishilik mitinglar Chechenistonga xos emas. “Kavkazskiy uzel”ning yozishicha, amalda uni respublika rasmiylari Moskvaga xalq Qodirovning chiqishlarini yoqlayotganini ko‘rsatish uchun uyushtirgan.

Abubakr Yangulbayev Chechenistondagi qarindoshlari yo‘qolib qolgani haqida xabar berganidan bir yarim oy o‘tib, ularni qo‘yib yuborishganini aytgan. Huquq faoli ularni ortiq xavf ostida qoldirmaslik uchun shundan keyin ular bilan aloqaga chiqmagan, chunki ularni Yangulbayevlar oilasidan voz kechishlari evaziga qo‘yib yuborishganiga amin bo‘lgan.

Zarema Musayevaga kelsak, avvaliga uni politsiyachini haqorat qilish aybi bilan 15 kunga hibsga olish bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llangan. Keyinchalik Musayevaga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Go‘yoki 52 yoshli ayol protokol tuzayotgan uchastka noziriga hujum qilib, Qodirovning aytishicha, “ko‘zidan mahrum qilishiga bir baxya qolgan”. Keyinroq Musayevaning ishiga firibgarlik bo‘yicha ayblov ham qo‘shilgan.

“Ular da’vo qilayotgan bu [politsiyachiga] hujum, ularning ritorikasiga ko‘ra, qo‘lga olish chog‘ida yoki yo‘lda sodir bo‘lgan. Ammo bu endi bu boshqa hududiy yurisdiksiya va boshqa hududiy tergov ishi. Chechenistonda uni hech kim javobgarlikka tortishi mumkin emas”, degandi mahkumaning o‘g‘li Abubakr Yangulbayev.

Manbaga ko‘ra, Musayevaning sog‘ligida jiddiy muammolar bor.

Yaqinlari uning umurtqa churrasi va ikkinchi darajali diabeti borligini aytmoqda. U sog‘ligi tufayli uy qamog‘iga o‘tkazilishini so‘ragan, ammo sud bu iltimosni rad etgan.

2022 yildagi sud chog‘ida Musayevaning ahvoli yomonlashgan va u polga yiqilgan. O‘g‘li Abubakr Yangulbayevning so‘zlariga ko‘ra, belidagi og‘riq kuchayayotgani tufayli Musayeva yura olmay qolgan.

“Odamni qamoqxonada shunchaki o‘ldirishmoqda. Va bu hech qanday aybi bo‘lmagan holda”, deb yozgan Yangulbayev.

Advokatlar tomonidan Musayevani shifoxonaga joylashtirish zarurligini isbotlash uchun unga tibbiy ekspertiza tayinlash so‘ralgan. Ammo sud bu so‘rovga ham rad javobini bergan. O‘tgan oyda Musayeva tergov izolyatoridan shifoxonaga olib o‘tilgan, ammo ko‘p o‘tmay qamoqqa qaytarilgan.
Musayevaning advokatlari esa Chechenistonda o‘zlarini kuzatishayotganini payqagan.
2023 yil yanvarida Abubakr Yangulbayev Ramzan Qodirovga onasi o‘rniga qamoqda o‘zi o‘tirib berishni taklif qilgan.

“Men nimanidir qurbon qilish kerakligini tushunaman. O‘z onamni qurbon qilmoqchi emasman. Men u uchun o‘z hayotimni qurbon qilishga tayyorman. Endi men qat’iy choralargacha boraman. Agar meni yoki ukalarimni terrorizmda ayblab, o‘g‘irlashganida, amalda bunga deyarli hech kim e’tibor qaratmagan bo‘lardi — Rossiya mediasi va huquq tizimi uchun Chechenistondagi navbatdagi odam o‘g‘irligi odatiy ish bo‘lib ko‘rinadi. Onam bilan bo‘lgan ish esa, axloqdan tashqari ish”, degan Yangulbayev “Xolod”ga bergan intervyusida.

Ta’kidlanishicha, Abubakr Yangulbayev Checheniston hukumati onasini qo‘yib yuborish orqali jamoatchilik ongida obro‘siga tushgan dog‘ni tozalashi mumkinligiga umid qilgan. Shuning uchun ular o‘zining taklifiga rozi bo‘lishi mumkin deb hisoblagan. Lekin Checheniston hukumati bunday almashuvga rozi bo‘lmagan.

“Men hech qanday jinoyat qilmadim. Odamlar men qanchalik ko‘ngilchanligimni biladi. Alloh ko‘rib turibdi, mening vijdonim pok”, degan Zarema Musayeva sudda o‘ziga so‘nggi so‘z berilganida ko‘zida yosh bilan.


Maqola muallifi

Teglar

firibgarlik Ramzan Qodirov Zarema Musaeva

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made