Raketa zarbalari Putin urushining o‘ta shafqatsizligini ko‘rsatdi – Bayden
Olam
−
11 Oktabr 2022
9503AQSH Prezidenti Jo Bayden Rossiyaning Ukrainaga qaratilgan yirik raketa zarbalarini qoralab, bu Prezident Vladimir Putin Ukraina xalqiga qarshi boshlagan urushning o‘ta shafqatsizligini namoyish qilganini aytdi. Bu haqda “Amerika ovozi” xabar berdi.
“Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning Ukraina hududiga, jumladan Kiyevga bergan raketa zarbalarini keskin qoralaydi. Ushbu zarbalar natijasida tinch aholi halok bo‘ldi va yaralandi, shuningdek, hech qanday harbiy maqsadga ega bo‘lmagan ob’ektlar vayron qilindi. Bu zarbalar yana bir bor Putinning Ukraina xalqiga qarshi qonunsiz urushining o‘ta shafqatsizligini ko‘rsatdi.
Biz bugun halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz, shuningdek, jarohat olganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilaymiz”, deydi Bayden.
Prezidentning ta’kidlashicha, “bu zarbalar Ukraina xalqini qancha kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan qat’iyatni yanada kuchaytiradi.
Bayden, shuningdek, AQSH va ittifoqchilar “Putin va Rossiyani barcha vahshiylik va harbiy jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish, Ukraina kuchlariga o‘z mamlakatlari va erkinliklarini himoya qilish uchun barcha zarur yordamni ko‘rsatish” yo‘lida hamma narsani qilishga va’da berdi.
“Biz yana Rossiyani bu asossiz tajovuzni zudlik bilan to‘xtatishga va Ukrainadan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishga chaqiramiz”, deydi Bayden.
Avvalroq Bayden Ukraina shaharlariga uyushtirilgan raketa hujumlaridan keyin mamlakat Qurolli Kuchlariga havo hujumidan mudofaa tizimini yetkazib berishga va’da bergandi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya bugun, 10 oktyabr kuni Kiyev markazi, Kiyev viloyati, Dnepr, Ivano-Frankovsk, Xarkov, Xmelnitskiy, Kirovograd, Lvov, Nikolayev, Sumi, Ternopol, Vinnitsa, Zaporoje va Jitomir viloyatlarini kuchli raketa zarbalariga duchor qildi. Ukraina butun mamlakat bo‘ylab havo ogohlantirishini e’lon qildi.
Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Rostislav Smirnovning aytishicha, kamida 10 kishi halok bo‘lgan, 60 ga yaqin kishi jarohatlangan.
Mahalliy Telegram kanallari xabariga ko‘ra, portlashlar Ukraina xavfsizlik xizmati ma’muriyati binosi hududida, shuningdek, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Volodimirska ko‘chasidagi kabinetlaridan birida sodir bo‘lgan. Kiyev metrosida qizil chiziqda poyezdlar harakati to‘xtatildi, barcha yerosti stansiyalari boshpana sifatida ishlaydi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 10 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan tezkor yig‘ilishda Ukrainadagi harbiy qo‘mondonlik, energetika va aloqa ob’ektlariga ommaviy zarba berilganini e’lon qildi.
LiveBarchasi