Raqobat qo‘mitasi telekanallarni ogohlantirdi
Jamiyat
−
13 avgust
8781Raqobat qo‘mitasi reklama qonunchiligi yuzasidan barcha davlat va nodavlat telekanallarga ko‘rsatma xati yubordi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
“Oxirgi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari, xususan, telekanallar orqali reklamalarni tarqatishda va joylashtirishda qonunchilik talablari buzilishi holatlari ko‘zga tashlanmoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, yuqoridagilar inobatga olingan holda qo‘mita tomonidan raqamli televideniye xizmatlarini ko‘rsatuvchi teleradiokanallarga ko‘rsatma xati yuborilgan. Ko‘rsatmada telekanallar bir oylik muddatda reklamaga oid o‘z faoliyatini amaldagi qonunchilik talablaridan kelib chiqib, muvofiqlashtirishi va qayta ko‘rib chiqishi so‘ralgan.
Ushbu ko‘rsatma xati talablaridan kelib chiqib, qo‘mita o‘z vakolatlari doirasida belgilangan tartibda sohaga oid monitoring tahlillari o‘tkazadi va o‘rganishlarda qonun buzilishi aniqlangan taqdirda, ushbu holatga yo‘l qo‘ygan sub’ektlarga nisbatan qat’iy ta’sirchan choralar, shu jumladan moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq noto‘g‘ri reklamaga yo‘l qo‘yilishi ortidan “Ipotekabank”, “AVO bank” va “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i jarimaga tortilgandi.
LiveBarchasi