O‘zbekistonda mobil aloqa operatorlari ustidan o‘rganish boshlandi
Jamiyat
−
10:11 727 2 daqiqa
Ayrim mobil aloqa operatorlari tarif narxlarini oshirishni rejalashtirayotgani ortidan Raqobat qo‘mitasi ushbu qarorlarning asosliligini o‘rganishni boshladi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, iste’molchilar tariflarga kiritilgan internet trafik hajmi oshirilganiga qaramay, aloqa sifati yetarli darajada ta’minlanmayotganidan norozi. Shuningdek, foydalanilmagan internet trafikning keyingi oyga o‘tmasligi va tarif narxlarining oshishi internet hajmiga mutanosib emasligi ham e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.
Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, o‘rganish davomida operatorlar tomonidan raqobat qoidalariga zid yoki iste’molchilar huquqlarini kamsituvchi harakatlar aniqlansa, belgilangan tartibda tekshiruv o‘tkaziladi. Qoidabuzarliklar tasdiqlangan taqdirda, amaldagi qonunchilikka muvofiq choralar ko‘riladi.
Shu bilan birga, qo‘mita 2025 yil va joriy yilning dastlabki 9 oyi davomida mobil aloqa operatorlari faoliyatiga oid bir qator kamchiliklar bartaraf etilganini bildirdi.
Jumladan, Beeline kompaniyasida oylik abonent to‘lovini yechish uchun hisobda mablag‘ yetarli bo‘lmaganda, abonentlarni ogohlantirmasdan avtomatik ravishda kunlik tarifga o‘tkazish amaliyoti bekor qilingan. Shuningdek, davlat organlarining 100 dan ortiq qisqa raqamli ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilish bepul qilingan.
Mobiuz kompaniyasida ayrim tarif rejalariga o‘tish bilan bog‘liq texnik cheklovlar bartaraf etilgan va tarif shartlari haqida to‘liq ma’lumot berish ta’minlangan.
Ucell kompaniyasining uyali aloqa xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ommaviy ofertasi ham qayta ko‘rib chiqilib, unga moddiy va ma’naviy zarar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi talablar kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi ayrim dorixonalarda dori vositalari belgilangan narxdan 6 barobargacha qimmat sotilgani aniqlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi