5,5 mlrd so‘m asossiz undirilgan: “Hududiy elektr tarmoqlari”ga nisbatan ish qo‘zg‘atildi

3-sahifa

image

Tadbirkorlardan asossiz undirilgan 5,5 mlrd so‘mlik to‘lovlar  yuzasidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda uning tizimidagi korxonalarga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga muvofiq, elektr energiyasidan qarzdorlik bartaraf etilganidan keyin korxonalarni elektr tarmog‘iga qayta ulash uchun jarima va qo‘shimcha to‘lovlarni qo‘llash bekor qilingan bo‘lib, davlat organlari mazkur normalarning qonunosti hujjatlari qabul qilinishini kutmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri amalga oshirilishini ta’minlashi belgilangan.

Ushbu talablarni amalga oshirish maqsadida elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, elektr tarmoqlaridan uzib qo‘yilgan iste’molchilarni qayta ulash uchun undiriladigan to‘lovlar bekor qilingan.

Biroq Raqobat qo‘mitasiga Biznes-ombudsman tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar tahlili natijasida hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan 2025 yil 23 avgustdan joriy yilning fevral oyiga qadar respublika bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlaridan jami 965 ta holatda qayta ulanish uchun 5,5 mlrd so‘m to‘lov undirilgani hamda asossiz daromad olinganligi alomatlari aniqlangan.

Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda uning tizimidagi korxonalarga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan.

Bildirilishicha, ayni vaqtda mazkur holat manfaatdor davlat organlari ishtirokida har tomonlama o‘rganilib, huquqiy baho berilmoqda. Ishni ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda elektr va gaz ta’minotidagi muammolarni bartaraf etish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida 15 ta hududda maxsus shtablar tashkil etilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing