Raqobat qo‘mitasi yana bir bankni jarimaga tortdi
3-sahifa
−
22 iyul
5685“AVO bank” AJ (raqamli bank) ga nisbatan reklama qonunchiligi buzilishi yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llanildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mitaga bankning mijozlarga ko‘rsatayotgan xizmatlarida noto‘g‘ri reklama tarqatayotgani yuzasidan murojaat kelib tushgan. Unda bank saytining “AVO bonuslari” sahifasidagi reklama axborotlarida “250 ming so‘m har bir yangi mijozga”, “+250 000 so‘m sizga va AVOning har bir yangi mijoziga”, “Hisobingizga 250 ming so‘m olish” va “Kartaga 250 ming so‘m olish” kabi ma’lumotlar ko‘rsatilganligi, biroq bank tomonidan har bir yangi mijozga ushbu summadagi pullar berilmasligi aytilgan. Pul ko‘rinishidagi bonuslarni olish uchun bank mijozi ma’lum bir harakatlarni amalga oshirishi lozimligi, shunda ham mijozga 250 ming so‘m pul mablag‘i naqd pul ko‘rinishida taqdim etilmasdan, bankning mobil ilovasi orqali bonus ballari ko‘rinishida taqdim etilishi ma’lum qilingan.
Shuningdek, holat yuzasidan olib borilgan o‘rganish ishlari davomida bank veb-saytida “AVO bank O‘zbekistondagi eng qulay mobil bank” mazmunidagi, jumladan, turli manbalar orqali e’lon qilingan reklama axborotlarida “AVO bank” AJning “AVO Platinum” kredit kartasi haqida joylashtirilgan ma’lumotlarida “AVO platinum kredit kartasi – har qanday xarid uchun 0% stavka” hamda “AVO platinum kredit kartasi – 2 millionga xarid qilib, 2 million qaytarish” mazmunidagi iboralardan foydalangani kuzatilgan.
Vaholanki, bankning “AVO Platinum” kredit kartasi mablag‘laridan foydalanish shartlariga ko‘ra, mijozlarning ushbu kredit kartalari orqali amalga oshirgan xarid summalari uchun 45 kun davomida foizlar hisoblanmasligi, xarid amalga oshirilgan sanadan 45 kun o‘tgach ushbu pul mablag‘lari uchun belgilangan tartibda kredit foizlari hisoblanishi ma’lum bo‘lgan.
Yuqoridagi holatlar inobatga olinib, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunining 16-moddasi 1-qismi hamda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 6-moddasi 1-qismi talablari buzilishi alomatlari yuzasidan “AVO bank” AJga nisbatan reklama va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilganligi oqibatida belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq noto‘g‘ri reklamaga yo‘l qo‘yilishi ortidan “Ipotekabank” ham jarimaga tortilgandi. Shuningdek, “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i ham jarima to‘lashi xabar qilingandi.
LiveBarchasi